Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Bolalarni tazyiq va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga qaratilgan tizimli choralarga qaramay ayrim holatlarda voyaga yetmaganlarga nisbatan shahvoniy shilqimlik bilan bog‘liq holatlarni huquqiy jihatdan to‘g‘ri tasniflash va ularga nisbatan samarali chora ko‘rish masalasi dolzarbligicha qolmoqda. Hatto bularning yashirish holatlari ham uchrayapti. Birgina oxirgi 3 yilda 44 ta holatda bunday jinoyat yashirilib, ma’muriy huquqbuzarlik sifatida taqdim etilganini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.
Qonun loyihasi bilan voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan sodir etilgan shahvoniy shilqimlik holatlarini ko‘rib chiqish va ularga huquqiy baho berishning aniq tartibini belgilash taklif etilmoqda. Amaldagi tartibga ko‘ra, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma boshqa hujjatlar va ish bo‘yicha dalillar bilan birga huquqbuzarlik sodir etilgan yoki aniqlangan paytdan boshlab uch sutkadan kechiktirmay ishni ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lgan organ yoki mansabdor shaxsga yuboriladi.
Taklif etilayotgan o‘zgartish bilan esa voyaga yetmagan shaxsga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41/¹-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda, ishni ko‘rib chiqishning alohida tartibi joriy etilmoqda. Xususan, prokurorning qilmishda jinoyat alomatlari mavjud emasligi haqidagi qarori olinganidan so‘ng, tegishli bayonnoma va hujjatlarni bir kun ichida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman yoki shahar sudiga yuborish nazarda tutilmoqda.
Fraksiya a’zosi Ziyodbek Yunusov taklif etilayotgan o‘zgartishlar jinoyat alomatlari mavjud bo‘lgan holatlarni ma’muriy huquqbuzarlik doirasida qolib ketishining oldini olishga, ish materiallarini ko‘rib chiqishning aniq tartibini belgilashga xizmat qilishini qayd etib, bu bolalarni tazyiq va zo‘ravonlikning turli shakllaridan himoya qilishning huquqiy kafolatlarini yanada mustahkamlashini ta’kidladi.
Qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining yig‘ilishida ham muhokama qilinib, Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritish haqida tegishli qaror qabul qilindi.
M.Komilova,
O‘zA