Bolajonlar uchun yanada qulay va zamonaviy sharoit yaratildi
Bugun yurtimizda maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, bolalar uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Natijada ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, zamonaviy talablar asosida ta’mirlanmoqda va obodonlashtirilmoqda.
Navoiy shahridagi 4-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining mukammal ta’mirlanib, qayta foydalanishga topshirilishi ham ana shunday ezgu ishlardan biridir.

– Mazkur maktabgacha ta’lim tashkiloti 1990-yilda qurilgan bo‘lib, shu vaqtga qadar mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirilmagan edi, – deydi bog‘cha mudirasi Adiba Elmurodova. – Bugun esa muassasa zamonaviy talablar asosida yangilanib, tarbiyalanuvchilar uchun yanada qulay sharoitga ega bo‘ldi. 450 nafar bolaga mo‘ljallangan tashkilotni ta’mirlash ishlariga 7 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Mazkur mablag‘ “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJning homiylik mablag‘lari hisobidan ajratildi.

Bunyodkorlik va ta’mirlash ishlari “Asl montaj” MCHJ tomonidan bajarildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri