Bo‘lajak huquqshunoslar bilan uchrashuv
O‘zbekiston “Adolat” Sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi rahbari Robaxon Mahmudova Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabalari bilan uchrashdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar bilan tizimli ishlash, ularning huquqiy savodxonligini oshirish, mustaqil fikrlaydigan, yuksak malakali kadrlar etib tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Ayniqsa, ochiq muloqotlar orqali yoshlarning fikrini eshitish, ularni qiynayotgan masalalarga yechim topish va kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Uchrashuvda Robaxon Mahmudova bo‘lajak huquqshunoslar bilan ochiq va samimiy muloqot olib borib, bugungi davrda huquqshunos kadrlar zimmasiga yuklanayotgan yuksak mas’uliyat, qonun ustuvorligini ta’minlash, adolat tamoyillariga qat’iy rioya etish hamda inson qadrini ulug‘lash kabi dolzarb masalalar yuzasidan muhim fikr-mulohazalarini bildirdi. Shuningdek, yoshlarga zamonaviy bilimlarni egallash, o‘z ustida muntazam ishlashga intilish va berilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanish zarurligini alohida ta’kidladi.

Uchrashuvning eng muhim va e’tiborli jihatlaridan biri — O‘zbekiston “Adolat” SDP safiga qo‘shilish istagida bo‘lgan talabalarni partiya safiga qabul qilish jarayoni bo‘ldi. Tadbir davomida bir guruh tashabbuskor va jamoatchilik ishlarida faol ishtirok etib kelayotgan yoshlar O‘zbekiston “Adolat” SDP a’zoligiga qabul qilindi. Ularga partiya a’zolik guvohnomalari va esdalik sovg‘alari topshirilib, kelgusida jamiyat hayotida yanada faol bo‘lish, adolat, qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini himoya qilish yo‘lida o‘z hissalarini qo‘shish zarurligi ta’kidlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA