Bokuda O‘zbekiston va Qatar yetakchilarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat avvalida ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari va ko‘p qirrali amaliy hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

So‘nggi yillarda oliy darajadagi samarali muloqotlar tufayli o‘zaro aloqalar yangi sifat bosqichiga ko‘tarilgani ta’kidlandi. Bugungi kunda Qatar kompaniyalari bilan energetika, kimyo sanoati, oziq-ovqat xavfsizligi, transport, qurilish kabi sohalarda faol ishlar olib borilmoqda, joriy yil boshidan buyon investitsiyalar o‘zlashtirilishi sezilarli darajada oshdi.

Shuningdek, jadal rivojlanib borayotgan madaniy-gumanitar aloqalar xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qilmoqda.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari ham belgilab olindi. Xususan, dekabr oyida o‘tadigan Doha forumida O‘zbekistondan nufuzli delegatsiya ishtirok etishi, tadbir doirasida Hukumatlararo qo‘shma komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlarini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Yetakchilar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.