O‘zbekiston yetakchisi Kambodja Bosh vaziri bilan uchrashdi
Boku shahrida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kambodja Qirolligi Bosh vaziri Xun Manet bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Tizimli siyosiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, parlamentlararo, madaniy-gumanitar va sayyohlik yo‘nalishlaridagi almashinuvlarni faollashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish, jumladan, mamlakatlarning sanoat salohiyatini namoyish etish uchun ko‘rgazmalar o‘tkazish va ishbilarmonlik delegatsiyalarining tashriflarini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar bu borada savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi asosiy kelishuvlarni ishlab chiqishni jadallashtirishga kelishib oldilar.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, xususan, BMT, SHHT, ASEAN, Qo‘shilmaslik harakati va boshqa tuzilmalar doirasidagi yaqin hamkorlikni davom ettirish yuzasidan ham fikr almashildi.