Bokschilarimiz Osiyoda tengsiz!
Iordaniyada boks bo‘yicha yakunlangan Osiyo chempionatida To‘lqin Qilichev bosh murabbiyligidagi mamlakatimiz terma jamoasi a’zolari 5 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medallariga musharraf bo‘ldi va umum jamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi.

Qit’aning 30 ga yaqin mamlakat vakillari qatnashgan bahslarda o‘zbekistonlik bokschilardan Hasanboy Do‘smatov, Abdumalik Xalakov, Ruslan Abdullayev, Saidjamshid Jafarov, Lazizbek Mullajonov oltin medallarga ega chiqdi. Odiljon Aslonov hamda Madiyor Saidrahimov kumush, Shaxzod Muzaffarov, Adhamjon Muxiddinov va Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev bronza medallarining sohiblari bo‘lishdi.

Shuningdek, O‘zbekiston ayollar terma jamoasi a’zolari Navbahor Hamidova oltin, Sohiba Ro‘zmetova kumush va Farzona Fozilova bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Bokschilarimizning g‘alabasi sharafiga Ammanda 13 marta vatanimiz bayrog‘i kutarilib, olti marta O‘zbekiston madhiyasi baralla yangardi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA.