Bojxona tizimida shaffoflik ustuvor bo‘lishi lozim
“Yangiyo‘l” TIF bojxona postida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda Bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari G‘.Nosirov, Tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i A.Ismailov hamda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi rahbariyati ishtirok etdi.
Ma’lumki, mamlakatimizda tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, eksport-import jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash hamda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga qulay sharoitlar yaratish borasida bojxona organlari tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Uchrashuv davomida tadbirkorlikni rivojlantirish, tashqi savdo faoliyatini erkinlashtirish hamda eksport salohiyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritildi.

Xususan, Prezidentimizning 2025-yil 17-dekabrdagi “Bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish hamda samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni haqida batafsil ma’lumot berildi. Muloqotda bojxona tizimida raqamlashtirish jarayonlarini kengaytirish, inson omilini qisqartirish, ortiqcha tartib-taomillarni bartaraf etish, shuningdek, tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni joyida hal etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.


Ta’kidlanganidek, 2026-yil davomida Toshkent viloyatida mingdan ortiq tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga qariyb 1,8 trillion so‘mlik bojxona to‘lovlaridan imtiyoz va preferensiyalari qo‘llanildi. 53 ta holatda 27 ta tadbirkorlik sub’ektiga 189 milliard so‘mlik bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lash imkoniyati yaratildi. Eksport yuk deklaratsiyalarining 98 foizi va import deklaratsiyalarining 66 foizi soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirildi. Bunda eksport deklaratsiyalarining 51 foizi inson omilisiz avtomatik tarzda rasmiylashtirildi.


Uchrashuv davomida mas’ullar tomonidan bojxona organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, tadbirkorlar bilan doimiy muloqotni kuchaytirish hamda ularning murojaatlarini tezkor hal etish ustuvor vazifa ekani alohida qayd etildi.
A.Musayev, O‘zA.