Bog‘i Bobur – Andijon ramzi
Andijondagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi milliy istirohat bog‘i shaharning janubi-sharqiy qismidagi Bog‘ishamol dahasida joylashgan. Umumiy maydoni 357 gektar bo‘lib, unga 1973-yili asos solingan.
Ana shu yili viloyat ijroiya qo‘mitasi qarori bilan andijonlik mehnatkashlar uchun dam olishi maskani tashkil etish maqsadida Andijon shahriga tutash Xakan adirliklaridan 300 gektar yer ajratilib, “Bog‘ishamol” dam olish maskanini barpo etishga kirishildi. Qurilish, obodonlashtirish ishlariga viloyatdagi juda ko‘p tashkilotlar, keng jamoatchilik jalb etildi. Chinor, qayrag‘och, archa va boshqa turli manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, oshxona va choyxonalar qurildi. Bir necha yil o‘tib, Bog‘ishamol xalq dam oladigan so‘lim maskanga aylandi.
Andijon shahrining janubi-sharqiy qismida, so‘lim Bog‘ishamol dahasida joylashgan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi milliy istirohat bog‘i bugungi kunda nafaqat mahalliy aholi, balki sayyohlarning ham eng sevimli maskaniga aylangan.
Ushbu ulkan yashil vohaning tarixi 1973-yilga borib taqaladi. O‘shanda viloyat rahbariyati qarori bilan Xakan adirliklari bag‘ridan 300 gektar yer ajratilib, xalq uchun betakror dam olish maskani barpo etishga kirishilgan edi. Keyinchalik bog‘ hududi kengaytirilib, bugungi kunda 357 gektarni tashkil etmoqda.
[gallery-29379]
Maskanning yaratilishi haqiqiy umumxalq hashariga aylanib ketdi. Keng jamoatchilik va turli tashkilotlarning fidokorona mehnati evaziga qisqa fursatda adirliklar bag‘rida minglab chinor, qayrag‘och, archa va boshqa manzarali daraxtlar bo‘y ko‘rsatdi. Shinam oshxonalar va milliy choyxonalar qurildi. Yillar o‘tib, «Bog‘ishamol» quruq adirlikdan Andijonning chinakam tabiat mo‘’jizasiga va soya-salqin go‘shasiga aylandi.
1992-yilda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 510 yillik tantanalari munosabati bilan mazkur maskan Bobur nomli milliy istirohat bog‘i, deb yuritila boshlandi.
Bugungi kunda bog‘ hududida sharqona uslubda qurilgan Ark – darvoza, Bobur Mirzo haykali, shoirning ramziy maqbarasi, masjid, “Bobur va jahon madaniyati” muzeyi, o‘ttizdan ziyod zamonaviy attraksionlar, favvoralar, uzunligi 3,5 kilometr bo‘lgan osma sim yo‘l, restoran, kafe, ko‘plab oshxona va choyxonalar, mehmonxona, kutubxona mavjud.
“Bobur va jahon madaniyati” muzeyidan Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyaning safarlari davomida dunyoning turli hududlaridan olib kelingan temuriylar, boburiylar sulolasining tarixiga oid noyob kitoblar, qo‘lyozmalar hamda turli eksponatlar joy olgan.
Bobur nomli xalqaro jamoat fondi O‘zFA Astronomiya instituti bilan hamkorlikda bog‘ning eng baland qismida “Yoshlar dunyosi” deb nomlangan ilmiy-ma’rifiy markaz tashkil etgan. Markazda yoshlarga koinot sirlari haqida ma’lumot beruvchi observatoriya barpo etilgan. Bobur milliy bog‘i xalqaro turizm marshrutiga kiritilgan va bahor, yoz oylarida minglab ziyoratchi va dam oluvchilar bilan gavjum bo‘ladi.
– Bobur bog‘i xushhavo, so‘lim, chiroyli maskan, – deydi Asaka tumanidagi 26-umumta’lim maktabining o‘qituvchisi Abdurashid Ergashev. – Ayniqsa, yozning jazirama kunlari bu yerda dam olish kishiga rohat bag‘ishlaydi. Shu bois, oilamiz bilan bu yerga tez-tez kelib turamiz. Bugun ham o‘g‘illarim, kelin va nabiralarim bilan kelib, hordiq chiqaryapmiz. Bog‘da dam oluvchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, yoz oylarida bu yerga kuniga 2-4 ming nafarga yaqin yurtdoshlarimiz hamda xorijiy sayyohlar tashrif buyuradi. Sayyohlarning ko‘ngilli dam olishi uchun bog‘da zarur shart-sharoit va qulayliklar yaratilgan. Bundan tashqari, bog‘ning turli maydon va sahnalarida ko‘ngilochar tadbirlar, konsert dasturlari tashkil etiladi.
Bog‘da nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning boshqa mamlakatlarida o‘sadigan turli xil mevali, manzarali daraxtlar, gul va o‘simliklar parvarish qilinadi. Bog‘ hududining katta qismi adirlikdan iborat ekanligi bois, 2014-yilda Bobur xalqaro jamoat fondi tashabbusi bilan “Zaytun va boshqa subtropik ekinlar yetishtirish ilmiy markazi” tashkil qilinib, suvsizlikka chidamli pista, bodom, yong‘oq ko‘chatlarini yetishtirish hamda xorijiy davlatlardan olib kelingan zaytun daraxti ko‘chatlarini O‘zbekiston iqlimiga moslashtirish borasida ilmiy-amaliy ishlar olib borilmoqda. Hozirga qadar 4 ming tupdan ziyod ko‘chatlar ekilib, pistazor, yong‘oqzor, zaytunzorlar barpo etildi.
Prezidentimizning 2017-yilda Andijon viloyatiga qilgan tashrifi chog‘ida Bobur nomli milliy istirohat bog‘ida bo‘lib, bog‘ni jahon andozalariga mos, zamonaviy, respublika maqomidagi madaniyat va istirohat bog‘iga aylantirish yuzasidan qator topshiriqlar berdi. Ana shu topshiriqlar asosida keyingi yillarda bog‘da keng ko‘lamli bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Jumladan, bog‘ning markaziy xiyoboniga muhtasham masjid va muzey qurildi, ramziy maqbara qayta ta’mirlandi.
Bog‘ning kirish darvozasi oldiga zamonaviy favvora barpo etildi, yo‘llarga asfalt yotqizilib, bog‘ hududiga o‘rindiqlar, chiqindilar uchun maxsus qutilar o‘rnatildi. Shuningdek, boqqa tashrif buyurayotgan mehmon va ziyoratchilar uchun qulayliklar yaratish maqsadida dam olish maskanining eng yuqori qismida joylashgan “Bog‘i baland”, “Kema” dam olish joylari to‘la ta’mirlandi, osma yo‘li yangilandi.
Bir so‘z bilan aytganda, Andijonning o‘ziga xos ramziga aylangan Bobur nomli milliy istirohat bog‘i bugun nafaqat andijonliklar, balki shahar mehmonlari, sayyohlar ko‘ngilli hordiq chiqaradigan eng so‘lim va gavjum maskanlaridan biri sifatida barchaga manzur bo‘lmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari.