Alpda yirik ko‘chki xavfi: 400 000 kub/metr tosh qulashi mumkin
Germaniya va Avstriya chegarasida joylashgan Xoxfogel tog‘ida yirik tosh ko‘chishi xavfi kuchaygan. Olimlar cho‘qqidagi yoriq kengayib borayotgani, 400 000 kub/metrgacha tog‘ jinslari qulashi ehtimolidan ogohlantirmoqda.
Mutaxassislar manzilni 12 yildan beri kuzatib kelyapti, 2018-yildan maxsus sensor va o‘lchov qurilmasi uzluksiz ishlayapti. Bahorda tog‘ jinslari haftasiga 5 millimetrgacha siljiyotgani qayd etilgan. Geologik jarayon uchun bu juda yuqori ko‘rsatkich. Olimlar ayniqsa tog‘ning janubi-g‘arbiy qirrasidagi yangi yoriqni xavfli nuqta sifatida baholagan.
Kuchli yog‘ingarchilik, momaqaldiroqli jala va qor erishi siljishni tezlashtirayotgani ham taxmin qilinyapti. Mutaxassislar iqlim o‘zgarishi tufayli turli ob-havo hodisalari tez-tez va kuchliroq kuzatilayotganini ta’kidlamoqda. Tog‘ning Avstriya hududidan cho‘qqiga chiqish yo‘li allaqachon yopilgan, Germaniya tomondan ko‘tarilish esa hozircha ochiq.
Musulmon Ziyo, O‘zA