BMT: Ukraina aholisi orasida qurbonlar keskin ko‘paydi
BMTning Ukrainadagi Inson huquqi monitoringi missiyasi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil iyul oyida Ukrainada halok bo‘lgan va yaralangan begunoh aholi vakillari soni 2022-yil mart oyidan beri boshqa oylarga nisbatan keskin oshgan.
Hisobotda 437 nafar ukrainalik hayotdan ko‘z yumgani, 2610 kishi yaralangani keltirilgan. Bu iyun oyiga nisbatan 30, o‘tgan yil iyul oyiga nisbatan 70 foiz ko‘p. Qurbon bolalar soni esa 2022-yil aprel oyidan beri boshqa oylarga qaraganda yuqori bo‘lgan.
Joriy yil dastlabki yetti oyida ushbu davlatda urush bilan bog‘liq zo‘ravonlikdan 12 477 fuqaro (1839 kishi halok bo‘lgan, 10 638 odam yaralangan) jabr ko‘rgan. Ya’ni, 2025-yilning shu davriga nisbatan 44 foiz ortgan – 1434 kishi halok bo‘lgan va 7216 kishi yaralangan, 2024-yil bilan taqqoslaganda esa ikki barobar ko‘p – 1188 kishi jon bergan, 4560 kishi jarohat olgan.
Rossiyada ham oddiy aholi orasidagi qurbonlar ko‘paygan. Rasmiylar iyul oyida 79 nafar fuqaro halok bo‘lgani, 601 kishi yaralanganini aytgan. Kuzatuv missiyasi kirish va ma’lumot yo‘qligi sababli, bu raqamni tekshirish standartiga muvofiq tasdiqlay olmagan.
Kamida 54 begunoh aholi vakili halok bo‘lgan, 202 odam yaralangan Kiyev iyul oyida Ukrainaning eng ko‘p zarar ko‘rgan shaharlaridan biridir. Zero, RF Qurolli kuchlari ballistik va qanotli raketadan foydalanishni sezilarli darajada kuchaytirdi. Iyulda Rossiya Ukrainaga kamida 429 raketa uchirdi. Bu iyun oyidagidan ikki karra ko‘p.
BMT Inson huquqi bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi tasdiqlagan ma’lumotga ko‘ra, 2022-yil 24-fevraldan beri kamida 16 874 ukrainalik, jumladan 820 nafar bola halok bo‘lgan, 51 273 kishi, jumladan 3126 bola jarohatlangan.
S.Rahimov, O‘zA