BMT Bosh kotibligi uchun kurash davom etyapti
Turkiya Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Bosh kotibi Feridun Hodi Sinirli o‘g‘lini BMT Bosh kotibi lavozimiga nomzod sifatida ko‘rsatdi.
Ma’lumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi Prezidenti va Xavfsizlik Kengashi Raisining 2025-yil 25-noyabrdagi qo‘shma xati bilan BMTning keyingi Bosh kotibi lavozimiga tanlov jarayoni rasman boshlangan edi. Shunga asosan, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an tashkilot yetakchiligiga Elchi Feridun Hodi Sinirli o‘g‘li nomzod etib ko‘rsatilgan maktub yuborgan. Bu haqda “RIA Novosti” agentligi ixtiyoriga kelib tushgan hujjatda qayd qilingan.
Ta’kidlanishicha, ushbu nomzod ilgari surilishi bilan bog‘liq xarajat shaxsiy mablag‘ hisobidan qoplanadi.
Sinirli o‘g‘li hozir YeXHT Bosh kotibi lavozimida ishlaydi. 2016-2023-yillari Turkiyaning BMTdagi doimiy vakili edi.
Ayni payt BMT XK tomonidan a’zolari Bosh kotiblikka nomzodni aniqlash va da’vogarlarni Nizomga muvofiq rasman rahbarni tayinlaydigan Bosh Assambleyaga tavsiya qilish uchun dastlabki ovoz berish jarayoni tashkil qilingan. Tez orada navbatdagi bosqich o‘tkaziladi.

Avvalroq Kosta-Rika sobiq vitse-prezidenti, BMT Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (UNCTAD) rahbari Rebeka Grinspan dastlabki ovoz berishning yettinchi bosqichidan so‘ng yetakchilikni saqlab turgani ma’lum qilingan. Keyinroq Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bosh direktori, argentinalik Rafael Grossi 9 ovoz (4 qarshi, 2 betaraf) olib, ikkinchi pog‘onaga ko‘tarilgan. Keyingi o‘rinda 8 qo‘llov (6 qarshi, 1 betaraf) bilan Gayananing BMTdagi elchisi Kerolin Rodriges-Birkett boryapti.

Bosh kotiblikka asosiy nomzod sifatida ko‘rilayotgan Lana Nusayba so‘nggi ovoz berishda kutilganidan past natija ko‘rsatgan.
Birlashgan Arab Amirliklari yuqori lavozimli diplomati, davlat vaziri bo‘lmish mazkur siyosatchi o‘tgan hafta nomzodligini e’lon qilganda ko‘pchilik uni poyga yetakchisi sifatida baholagan edi.
Nusayba 2013-2024-yillar oralig‘ida BAAning BMTdagi doimiy vakili bo‘lib ishlagan. U ayni lavozimni egallagan ilk ayol sifatida tarixga kirgan.

Amaldagi Bosh kotib Antoniu Guterrishning ikkinchi va oxirgi vakolati muddati 31-dekabrda tugaydi.
S.Rahimov, O‘zA