Anqara sammiti: “Turkic ID” va fuqarolar uchun yangi imkoniyatlar
Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti 13-sammitida hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan qator muhim qarorlar qabul qilindi.
Transport va bojxona sohasidagi yengilliklar
Anjumanda, jumladan, transport va bojxona tartib-qoidasini soddalashtirish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi. Endi chegara va bojxona postlarida navbat kamayadi, yuk tashish jarayoni tezlashadi, “O‘rta yo‘lak” orqali tranzit imkoniyati kengayadi, logistika xarajati kamayib, mahsulot narxi barqarorlashadi.
Qo‘shma muzey xaritasi
Madaniyat va turizm sohasida Qo‘shma muzey xaritasi joriy etilishini ta’minlaydigan hujjat imzolandi. Mazkur tashabbus hamkor mamlakatlardagi muzey, tarixiy obida va ziyoratgohlar bo‘ylab sayohatni osonlashtiradi, yagona turistik yo‘nalish shakllanishiga xizmat qiladi.
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi muhim kelishuvlar
Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdog‘an ikki mamlakat hamkorligini yangi bosqichga olib chiquvchi qator hujjatlarni imzoladilar. Endi ishbilarmonlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqori darajali kengash tuziladi, Qo‘shma investitsiya va biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmi yaratiladi. Bu tadbirkorlar muammolarini tezkor hal qilish imkonini beradi.
Imtiyozli savdo bitimini kengaytirish
O‘zaro savdoda ko‘plab tovarlar uchun boj kamaytiriladi. Natijada mahsulot raqobatbardoshligi ta’minlanadi, savdo hajmi ortadi.
Raqamli bojxona tizimi
Chegara va boj jarayonini raqamlashtirish hisobiga yukni rasmiylashtirish vaqti qisqaradi, tashuv samaradorligi ortadi. Migrantlarni ijtimoiy himoyalash, Turkiyada mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek yurtimizda yashayotgan Turkiya fuqarolari ijtimoiy huquqi va kafolatini ta’minlashga qaratilgan sheriklik kuchaytiriladi.
Anqara sammiti turkiy davlatlar o‘rtasida erkin harakatlanish, savdo, logistika va turizm sohalarida yangi imkoniyatlar ochadi. Qabul qilingan qarorlar fuqarolar hayotini yengillashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va mintaqaviy integratsiyani mustahkamlashga xizmat qiladi.
Nodira Qayumova, O‘zA
Turkiya Anqara