Blogerlar “bozori” qanday ishlashi kerak?!
Pandemiya davridan so‘ng blogerlik oddiy qiziqish yoki hobbi emas, balki katta iqtisodiy kuchga aylangan yangi media sohasi hisoblanadi. Ijtimoiy tarmoqlarning keng ommalashuvi natijasida reklama bozori ham an’anaviy televideniye va matbuotdan asta-sekin internet platformalariga ham ko‘chmoqda. Endilikda minglab, hatto millionlab kuzatuvchilarga ega blogerlar korxonalar, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar va turli brendlar uchun asosiy reklama vositasiga aylanmoqda.
O‘zbekistonda ham bu yo‘nalish so‘nggi yillarda jadal rivojlanib bormoqda. Instagram, telegram, YouTubye va TikTok platformalarida faoliyat yuritayotgan blogerlarning auditoriyasi millionlab foydalanuvchilarni qamrab olmoqda. Shu bilan birga, reklama storislari, pullik postlar, barter asosidagi hamkorliklar va turli tijorat loyihalari orqali katta daromad shakllanmoqda. Biroq sohaning shu darajada tez rivojlanishi uning huquqiy va soliq tizimi bilan uyg‘unlashuvini ham dolzarb masalaga aylantirdi.
Blogerlar faoliyatini chuqurroq o‘rganish va tahlil qilish doirasida ushbu sohaning eng faol 110 nafar vakillari ro‘yxati Soliq qo‘mitasi tomonidan shakllantirildi. Tahlillar natijasida ulardan 55 nafari o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida, 33 nafari yakka tartibdagi tadbirkor sifatida, 22 nafari esa oddiy jismoniy shaxs maqomida faoliyat yuritayotgani aniqlandi. Ushbu ko‘rsatkichlar blogerlik faoliyatining real iqtisodiy hajmi bilan ularning huquqiy maqomi o‘rtasida sezilarli tafovut mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Aslida, blogerlik allaqachon professional faoliyatga aylangan. Reklama shartnomalari, kontent ishlab chiqarish, montaj, dizayn, administratorlar bilan ishlashning barchasi kichik media-biznes ko‘rinishi demakdir.
Ammo ayrim blogerlar hali ham rasmiy tadbirkor sifatida faoliyat yuritmayotgani soliqqa oid masalalarda muammolarni yuzaga keltirmoqda.
Soliq qo‘mitasi tomonidan 3 milliondan ortiq obunachiga ega 6 nafar top-bloger faoliyati alohida o‘rganildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil davomida ular tomonidan 360 ta storis reklama joylashtirilgan. 184 ta reklama posti e’lon qilingan va o‘rtacha hisobda oyiga 5 tadan reklama storisi joylashtirilgan.
Elektron hisobvaraq-fakturalar orqali taqdim etilgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu blogerlarning umumiy daromadi 2,7 milliard so‘mni tashkil qilgan. Byudjetga esa 110,4 million so‘m soliq to‘langan.
Bu raqamlar bir qarashda katta ko‘rinishi mumkin. Biroq reklama bozoridagi haqiqiy narxlarni hisobga olganda, ekspertlar yashirin yoki to‘liq rasmiylashtirilmagan daromadlar hajmi bundan ham yuqori bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashmoqda. Chunki hozirgi kunda ayrim mashhur blogerlarning bitta reklama storisi yoki posti uchun oladigan o‘rtacha daromad oddiy xodimning bir necha oylik maoshiga teng bo‘lishi mumkin. Ayniqsa barter reklamalari (ya’ni, xizmat yoki mahsulot evaziga reklama qilish amaliyoti) daromadlarni aniq hisoblashni yanada murakkablashtiradi.
Aslida blogerlarni jazolash emas, balki yangi iqtisodiy sektorni qonuniy tizimga olib kirish jarayonining boshlanishi sifatida baholashimiz mumkin. Chunki, reklama bozori kundan-kunga kengayib internet orqali savdo va xizmatlar ortmoqda. Blogerlarning auditoriyaga ta’siri ham anchayin kuchaygan. Bu esa yashirin iqtisodiyot ulushi yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.
Raqamli media davri kundan-kunga rivojlanib borayotgani blogerlik sohasini shunchaki kontent yaratish emas, balki katta iqtisodiy tizimning bir qismiga aylanishiga sabab bo‘lmoqda. Millionlab auditoriyaga ega sahifalar reklama bozoriga, iste’molchilar tanlovi va jamoatchilik fikriga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Shunday ekan, bu faoliyatning qonuniy va shaffof bo‘lishi tabiiy talab hisoblanadi. Soliq to‘lash esa nafaqat majburiyat, balki iqtisodiy tizimdagi mas’uliyat hamdir.
Eng muhimi, hozirgi muhokama jarayonlari blogerlar va davlat organlari o‘rtasidagi qarama-qarshilik emas, balki yangi raqamli iqtisodiyot uchun umumiy qoidalarni shakllantirish jarayoni sifatida ahamiyat kasb etishi kerak. Agar bu tizimni boshidanoq to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olsak, blogerlik sohasi mamlakat iqtisodiyotining shaffof va rivojlangan tarmoqlaridan biriga aylanishi mumkin.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA