Biznes-ombudsman: Reklama pasporti, markirovka va soliq ma’murchiligidagi to‘siqlar bekor qilinadi
Poytaxtimizda Biznes-ombudsman axborot xizmati rahbari Guljamol Shukurova ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda Prezidentimizga taqdim etilgan, tadbirkorlik muhitiga salbiy ta’sir qilayotgan muammolar va ularning yechimlari haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, amaldagi tartibga ko‘ra, ayrim hollarda korxona nomi, faoliyat turi yoki savdo belgisi aks etgan peshlavhalar ham reklama sifatida baholanib, ular uchun alohida pasport rasmiylashtirish va to‘lovlarni amalga oshirish talab etilmoqda.
O‘tgan yil davomida reklama pasporti olinmagani va tegishli to‘lovlar to‘lanmagani holatlarida 384 nafar shaxsga jami 8,2 milliard so‘m jarima qo‘llanilgan.
Shu munosabat bilan tadbirkorlik sub’ektining nomi va faoliyat turi to‘g‘risida binoga joylashtirilgan axborotni reklama sifatida baholamaslik va buning uchun tegishli pasportlarni rasmiylashtirishni bekor qilish taklif etildi. Reklamalar va boshqa axborot belgilarini joylashtirishga doir dizayn talablarini tadbirkorlar takliflarini inobatga olgan holda bosqichma-bosqich joriy etish, yuridik shaxslarga tegishli transport vositalariga o‘z savdo belgisini joylashtirish tartibini soddalashtirish tashabbusi ilgari surildi.
Suv va salqin ichimliklar ishlab chiqaruvchilar uchun majburiy raqamli markirovkalash va agregatsiya tizimini joriy qilish bilan bog‘liq texnik va moliyaviy xarajatlar ishlab chiqaruvchilar zimmasiga katta yuk bo‘lib, ayrim korxonalar hali texnik jihatdan to‘liq tayyor emasligi qayd etildi.
Shu bilan birga, amaliyotda qoidalarni buzganlik uchun juda yuqori miqdordagi jarimalar qo‘llanilmoqda. Ma’lumot uchun, bugungi kunda respublikada 286 ta mahalliy suv va ichimlik ishlab chiqaruvchilar bo‘lib, tovar aylanmasining katta qismini tashkil qiluvchi 10 ta yirik korxonaning 5 tasigina agregatsiya tizimini yo‘lga qo‘yishga tayyor. 2026-yilning to‘rt oyida esa markirovkalash qoidalarini buzgani uchun 2 ming 600 ta tadbirkorga 30,6 milliard so‘m jarima qo‘llanilgan.
Shu sababli, agregatsiya talablarini joriy etish muddatini 2027-yil 1-aprelgacha uzaytirish va jarimalarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar kiritildi.
Yig‘ilishda ko‘tarilgan yana bir muhim masala, 2026-yil 1-apreldan alkogol va tamaki mahsulotlari, yoqilg‘i sotish hamda 25 million so‘mdan oshadigan tovar (xizmat)lar uchun naqd pulsiz to‘lovlar joriy qilingani bilan bog‘liq holatlar muhokamasiga bag‘ishlandi.
Xususan, to‘lovlarni amalga oshirishda aholi tomonidan bank kartalarini naqd pul bilan to‘ldirishda yuqori komissiyalar undirilayotgani yuzasidan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Shu munosabat bilan fuqarolarning o‘z kartalari o‘rtasidagi pul o‘tkazmalarini komissiyasiz amalga oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Yig‘ilishda, soliq ma’murchiligi va ma’muriy jarimalar bilan bog‘liq bir nechta masalalar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, amaldagi ayrim soliq imtiyozlari Soliq kodeksida aks etmagani sababli tadbirkorlar bilan nizoli holatlar yuzaga kelayotgani qayd etildi. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 ta farmoni va 21 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 2 ta qarori bilan berilgan soliq imtiyozlari Soliq kodeksiga kiritilmagani sababli ularni qo‘llashda nizoli holatlar yuzaga kelmoqda. Shu munosabat bilan amaldagi imtiyozlarni Soliq kodeksiga kiritish va tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Shuningdek, ayrim holatlarda penya miqdori asosiy soliq qarzidan oshib ketishi hamda kassa cheki bermaslik uchun qo‘llanilayotgan jarimalarning yuqoriligi kichik tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan Soliq kodeksida tadbirkorlarga hisoblanayotgan penyalar summasi asosiy soliq qarzdorligi summasidan oshib ketmasligi bo‘yicha normani aks ettirish, chek bermaslik holati yuzasidan xabar yuborish tizimini suiiste’mol qilish holatlarining oldini olish taklif qilindi.
Yuqorida qayd etilgan shu va shu kabi o‘ndan ortiq masalalar Prezidentimiz tomonidan ko‘rib chiqilib, tadbirkorlik uchun ortiqcha to‘siqlarni kamaytirish, nazorat va tartibga solish mexanizmlarini soddalashtirish, raqamlashtirish jarayonlarini biznesga qo‘shimcha yuk emas, qulaylik yaratadigan vositaga aylantirish zarurligi ta’kidlandi.
Bildirilgan takliflarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
G.Boboyeva,
O‘zA