Bitiruvchilarga oson ish topish yo‘llari o‘rgatildi (+video)
Shu kunlarda bitiruvchi talabalar oldida muhim tanlov turibdi: qayerda va qaysi kasbda faoliyat yuritish masalasi. Albatta birinchi o‘rinda ish joyining yashash manzili yaqinligi, ish tartibi, jamoada sog‘lom muhit shakllanganligi va maosh miqdori bu tanlovda asosiy omil sanaladi.
Talabalarga bu borada yaqindan yordam berish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Karera kuni” mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Bitiruvchilarga Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mutaxassislari tomonidan yaqinda ishlab chiqilgan “Osonish.uz” platformasidan ish izlash imkoniyatlari tushuntirildi.
Masalan, Nigora Karimova bu yil universitetni tamomlaydi. Mazkur platforma orqali o‘ziga ma’qul manzilda joylashgan maktabni tanladi va u yerga o‘zi haqida ma’lumotni kiritdi. Uning rezyumesi maktab direktorining kompyuteridagi hujjatlariga kelib tushgan zahoti tanishib chiqib, tasdiqladi. Bir necha daqiqa ichida Nigora ishga joylashdi.
Platformada oylik ish-haqi ko‘rinib turadi. Bundan tashqari maktabda ustama va qo‘shimchalar bo‘ladi. Ish o‘rni band bo‘lsa yoki mavjud bo‘lmasa shikoyat tugmasi bosilsa ushbu joy platformadan olib tashlanadi.
Bugungi kunda universitetni 1768 nafar talaba bitiradi. Ularning 70 foizida uch tomonlama shartnoma asosida ish o‘rinlari aniq bo‘lgan. Qolgan 30 foiz talaba ushbu platforma orqali o‘zlariga ma’qul kasbni tanlashlari mumkin.
- Hozir tadbirda ishtirok etgan 300 nafardan ortiq 4 kurs talabalari 20 dan ortig‘i o‘zlarining rezyumelarini platformada to‘ldirganlaridan keyin 15 nafari ishga qabul qilinganligi haqida ma’lumot berildi, - deydi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Gulnoza Jo‘rayeva. – Albatta ular keyin suhbatga borishadi, ishga olinishi bo‘yicha buyruqlari ham bir-ikki xafta mobaynida chiqishi aytildi. Nafaqat 4 kurslarimiz, balki 3 kurs talabalarimiz ham milliy til sertifikatlariga ega yigit-qizlarimiz bu platformaga kirib, o‘zlariga ish o‘rinlarini topishlari mumkin ekanini bilib oldilar.
Tadbir yakunida mehnat munosabatlari va bu boradagi qonunchilik, bandlik masalalariga oid yo‘llangan savollarga Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mutaxassislari tomonidan batafsil javob qaytarildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/CaCsCFLL4ic" title="Bitiruvchilargaoson ish topish yo‘llari o‘rgatildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA