Bishkekda “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” kitobi taqdimoti o‘tkazildi
Qirg‘iz Respublikasining Bishkek shahridagi Aliqul Usmonov nomidagi Milliy kutubxonada senator Qudratilla Rafiqov qalamiga mansub “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” kitobining qirg‘iz tilidagi nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati a’zosi Husan Ermatov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi hamda ikki mamlakatning ilmiy va ijodiy ziyolilari, madaniyat sohasi vakillari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati, ularning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida so‘z yuritib, kitobning ushbu jarayonlarni ilmiy-tahliliy jihatdan yoritishdagi ahamiyatini alohida ta’kidladi.

Qayd etilganidek, asarning qirg‘iz tilida nashr etilishi ikki qardosh xalq o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi turkiy dunyoning buyuk adibi Chingiz Aytmatovning uy-muzeyiga hamda Bishkek shahridagi Xotira maydoniga tashrif buyurib, ushbu maskanlar faoliyati bilan tanishdi.
N.Abduraimova, O‘zA