Bishkekda “VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari”ga tayyorgarlik masalasi muhokama qilindi
Joriy yilning 30-avgust-6-sentabr kunlari Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyatida etnosport turlari bo‘yicha o‘tadigan “VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari”da O‘zbekistonning 100 nafarga yaqin sportchisi ishtirok etadi.
Bu haqda Bishkekda O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri maslahatchisi Sh.Mo‘minjonov yetakchiligidagi mutaxassislarning Qirg‘iziston jismoniy tarbiya va sport davlat agentligi rahbari U. Asanbayev bilan uchrashuvida e’lon qilindi.
Ta’kidlanganidek, musobaqalar etnosportning 10 ta turining 24 ta yo‘nalishida o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi mutaxassislarining Qirg‘iziston jismoniy tarbiya va sport davlat agentligi vakillari bilan muloqoti jarayonida “VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari”da mamlakatimiz sharafini himoya qiladigan sportchilar uchun yaratilgan sharoitlar, o‘yinlar dasturi va musobaqalar o‘tadigan sport ob’ektlari kabi bir qator masalalar ko‘rib chiqildi.
Muloqot davomida shuningdek, O‘zbekiston – Qirg‘iziston davlatlari o‘rtasida etnosport turlarini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinib, kelgusi rejalar belgilab olindi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA