Birja savdosidagi qoidabuzarliklar nimani ko‘rsatdi?
Birja savdolarida raqamlar ortida oddiy bozor qoidasi turibdi. Mahsulot belgilangan hajm va muddatda savdoga chiqarilishi, xaridor esa uni ochiq va shaffof tarzda sotib olishi kerak. Bu tartib buzilsa, bozordagi narx va raqobatga ham ta’sir qilishi mumkin.
Raqobat qo‘mitasining o‘rganishlari esa ayrim korxonalarda shu talablarga rioya qilinmaganini ko‘rsatmoqda.
Qoraqalpog‘istondagi “ECO TEKS CLUSTER” MCHJ faoliyati o‘rganilganda 2023-yil oktabridan 2026-yil mayiga qadar paxta tolasi, lint va paxta yog‘i birja savdolariga tasdiqlangan grafiksiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotilgani aniqlangan. Jami 38 ta holat qayd etilgan. Shundan 11 tasida paxta tolasining birja kotirovkasi bilan shartnoma narxi o‘rtasidagi farq hisobidan 183,8 million so‘m asossiz olingan mablag‘ aniqlangan.
Andijon viloyatida esa gap boshqa muammo — birjaga rejalashtirilgan mahsulotning belgilangan hajmda chiqarilmagani haqida ketmoqda.
“SADAF SOF UNLARI” MCHJ faoliyati tahlil qilinganda, 2025-yil iyul–dekabr oylarida ayrim oylarda birjaga rejadagidan kam mahsulot chiqarilgan, ayrim oylarda esa umuman savdoga qo‘yilmagan. Masalan, sentabrda 840 tonna, oktabrda 910 tonna, noyabrda 810 tonna mahsulot birja savdolariga chiqarilmagan.
Jizzax viloyatidagi “GROUPTEXTIL” MCHJda esa 2025-yil dekabr oyida 1 186 tonna, qariyb 4,1 milliard so‘mlik paxta chigiti va tola mahsulotlarini belgilangan muddat va hajmda birjaga chiqarmaslik bilan bog‘liq holatlar aniqlangan.
Qashqadaryodagi “Kasbi tegirmoni” MCHJda ham birjaga qo‘yilishi rejalashtirilgan mahsulotning bir qismi savdoga chiqarilmagan.
Nega bu muhim? Chunki birja savdosining mazmuni — mahsulotni ochiq savdoga chiqarish, xaridorlar uchun teng imkoniyat yaratish va bozorda shaffoflikni ta’minlash. Shuning uchun belgilangan mahsulotni birjaga chiqarmaslik yoki uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida sotish oddiy texnik masala emas.
Aniqlangan holatlar bo‘yicha tegishli sub’ektlarga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, asossiz olingan mablag‘larni qaytarish, qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berildi.
N.Rahmonova,
O‘zA