O‘zbekiston agroeksporti kengaymoqda: Anor va qalampir uchun yangi bozorlar (+video)
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xalqaro bozorlarda o‘z o‘rnini kengaytirmoqda. Bugungi kunda eksportga yo‘naltirilayotgan mahsulotlar turi keskin ortib, yangi mamlakatlar bilan hamkorlik uchun eshiklar ochilmoqda.
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport geografiyasi tobora kengayib bormoqda. Navbatdagi muhim bozor – 1,4 milliarddan ortiq aholiga ega Hindiston. Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston anori va achchiq qalampirini hamkor davlat bozoriga eksport qilish uchun fitosanitariya ruxsati olindi.
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi eksporti so‘nggi yillarda yangi turdagi mahsulotlar uchun bozorlar ochilayotgani evaziga kengayib bormoqda. Bir necha yil avval xorijiy davlatlarga chiqariladigan meva-sabzavot turi 600 tadan ortmagan bo‘lsa, bugungi kunda fitosanitariya sertifikati asosida salkam 700 turdagi mahsulotni eksport qilish imkoni mavjud.
O‘zbekiston eksportida endi farovonlik va baraka ramzi hisoblangan anor ham bor. O‘tgan yili Janubiy Koreya bozorlarini zabt etgan mahsulotimizni endilikda Hindistonga eksport qilish mumkin. Bundan tashqari, Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan ushbu davlat milliy fitosanitariya xizmati bilan olib borilgan muzokaralar natijasida achchiq qalampir eksporti uchun ham ruxsat olindi.
–Hindiston bozoriga O‘zbekistonda yetishtirilgan anor va achchiq qalampir uchun fitosanitariya ruxsatlari olindi, – deydi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi mutaxassisi Nazokat Tohirova. – Eksport uchun fitosanitariya talablari belgilandi. Mazkur talablar o‘z ichiga quyidagilarni oladi. Unda yangi uzilgan anor va achchiq qalampir zararkunandalardan xoli bo‘lishi lozim. Mahsulotlar begona o‘tlardan va tuproq qoldiqlaridan xoli bo‘lishi talab etiladi.
Ushbu talablarning bajarilgani qo‘shimcha deklaratsiyada qayd etib o‘tilishi lozim. Shu sababli eksportchilar mahsulotni yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish jarayonlarida mazkur talablarga rioya etishlari zarur bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Hindistonda achchiq qalampir oziq-ovqatni qayta ishlash sanoatining muhim elementi hisoblanadi. Mamlakatning o‘zi qalampir yetishtirish bo‘yicha yetakchilaridan biri bo‘lsa-da, ichki bozorda doimo importga talab bor. Xitoy, Ispaniya, MDH davlatlariga achchiq qalampirni yetkazib beruvchi tadbirkorlarimiz uchun yana bir mamlakatdan fitosanitariya ruxsati olinishi yangi xaridorlar bilan hamkorlik o‘rnatish va milliy mahsulotimizni xalqaro bozorlarga olib chiqish imkoniyatlarini yanada oshiradi.
Sanjar Toshpo‘latov,
Ulug‘bek To‘xtayev (video),
O‘zA