Birinchilardan bo‘lib reja bajarildi
Navoiy viloyati Karmana tumanidagi “Olim Rahmon” fermer xo‘jaligi birinchilardan bo‘lib belgilangan paxta topshirish rejasini bajardi.
Xo‘jalik joriy yilda 40 gektar maydonda paxta yetishtirib, har gektaridan o‘rtacha 70 sentnerdan hosil olishga erishdi. Natijada belgilangan 170 tonna paxta topshirish rejasi qisqa muddatda ortig‘i bilan bajarildi.
– Bugun mamlakatimizda qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, avvalo, yer egasi va fermerning manfaatini ta’minlash, mehnat samaradorligini oshirish hamda yetishtirilayotgan mahsulot hajmini ko‘paytirishga xizmat qilmoqda, – deydi fermer Sanjar Rahmonov. – Yaratilayotgan shart-sharoitlar, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va yerdan oqilona foydalanish borasidagi yondashuvlar o‘zining amaliy natijalarini bermoqda. Hosildorlikni oshirish uchun mavsum davomida barcha agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarishga alohida e’tibor qaratdik. Maqsadimiz belgilangan rejani bajarish bilan cheklanib qolmasdan, mavsumni yuqori ko‘rsatkichlar bilan yakunlash.

Hali dalalarda hosil mo‘l. Fermer mavsum yakuniga qadar yana 50 tonna paxta topshirishni rejalashtirgan.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri