Marhamat tumanida Belarus bilan hamkorlikdagi yangi korxona ish boshladi
O‘zbekiston va Belarus Respublikalari o‘rtasidagi do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlik izchil rivojlanib, yangi-yangi loyihalar bilan yanada boyimoqda. Jumladan, Andijon viloyatida Belarus Respublikasi hududlari bilan hamkorlikda qator loyihalarning amalga oshirilishi aloqalarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarmoqda.
Marhamat tumani Alitepa mahallasida Belarus Respublikasidagi mashhur “MARK FORMELLE” trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniya korxonasining ish boshlaganligi ham ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biri bo‘ldi.
Belarus Respublikasi Minsk oblasti ijroiya qo‘mitasi raisi Aleksey Kushnarenko, Marhamat tumani hokimi Ilyosbek Umrzoqov, Belarus Respublikasi delegatsiyasi a’zolari, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, tuman faollari ishtirok etgan tadbirda hamkorlikda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, chorvachilik va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, fuqarolar uchun qulay va daromadli mehnat imkoniyatlarini yaratish muhim ekanligi qayd etildi.


Umumiy qiymati 4 million AQSH dollariga teng loyiha doirasida tashkil etilgan mazkur korxonada 200 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu loyiha mahalliy xomashyoni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish, aholini zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlariga jalb etish, doimiy va munosib daromad manbaiga ega bo‘lishini ta’minlash hamda yengil sanoatni rivojlantirish hamda hudud iqtisodiyotini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Korxonada ko‘plab turdagi tayyor trikotaj mahsulotlar tayyorlanadi va mahsulotning asosiy qismi eksportga yo‘naltiriladi.


Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri