Birinchi chorak yakunida chakana to‘lovlar hajmi 32,8 trillion so‘mga yetdi
2026-yilning I choragi yakunlari mamlakatda raqamli moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan talab izchil ortib borayotganini yana bir bor namoyon qildi. Markaziy bankning hisob-kitoblar Kliring tizimi orqali tijorat banklari hamda boshqa to‘lov xizmatlari yetkazib beruvchilari tomonidan amalga oshirilgan operatsiyalar hajmi sezilarli darajada o‘sdi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning dastlabki uch oyi davomida Kliring tizimi orqali 39,9 millionta to‘lov amalga oshirilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 20,2 foizga ko‘pdir.
To‘lovlar summasi ham yuqori sur’atlarda o‘sib, 25,5 trillion so‘mdan 32,8 trillion so‘mga yetdi. Natijada, bir yil ichida Kliring tizimi orqali o‘tkazilgan operatsiyalar hajmi qariyb 28,7 foizga oshgani qayd etildi.

Mazkur o‘sish aholi o‘rtasida naqd pulsiz hisob-kitoblar ommalashib borayotgani, raqamli bank xizmatlaridan foydalanish ko‘lami kengaygani hamda onlayn to‘lov infratuzilmasi tobora takomillashayotganini ko‘rsatadi.
Ayniqsa, Aloqabank, Trastbank, TBC Bank, Milliy bank va Uzum Bank tomonidan amalga oshirilgan operatsiyalar faolligi yuqori bo‘lgani qayd etilmoqda. Bu esa aholining kundalik to‘lovlari, kommunal va servis xizmatlari uchun hisob-kitoblar hamda mobil ilovalar orqali amalga oshirilayotgan moliyaviy operatsiyalar soni ortib borayotganidan dalolat beradi.
Ekspertlarning fikricha, raqamli to‘lov tizimlarining kengayishi iqtisodiyotda shaffoflikni ta’minlash, moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish va zamonaviy fintex yechimlarni joriy etishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA