O‘zbekiston va Indoneziya islomiy moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etishga kelishib oldi
O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Qosimov Indoneziya Haj mablag‘larini boshqarish agentligining investitsiyalar bo‘yicha direktori Indra Gunavan bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Indoneziya Haj mablag‘larini boshqarish agentligi davlat moliyaviy muassasasi hisoblanib, ziyoratchilar mablag‘larini shariat tamoyillari asosida boshqaradi hamda sukuk, ko‘chmas mulk va islom huquqiga muvofiq keluvchi boshqa vositalar orqali haj ekotizimini rivojlantirishga ixtisoslashgan.

Muzokara chog‘ida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, islomiy moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, O‘zbekistonda sukuk, murobaha va ijara kabi moliyaviy vositalarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar halol ekotizimni va ziyorat turizmini rivojlantirish imkoniyati, jumladan, Samarqand, Buxoro va Toshkent shaharlarida mehmonxona infratuzilmasini yaratish hamda Janubi-sharqiy Osiyo bozorlariga yo‘naltirilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Uchrashuv yakunida Indoneziya tomoni V Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga taklif qilindi.
B.XUDOYBERDIEV, O‘zA