Bir tovush – bir harf tamoyili asosida
2026 yil 21 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish kiritish haqida” 1184-sonli Qonuni qabul qilindi.
Bugungi kunda davlat tilining mavqeyi faqat uning rasmiy maqomi bilan emas, balki ta’lim, ilm-fan, ish yuritish, axborot texnologiyalari, ommaviy axborot vositalari va xalqaro hamkorlikda qanchalik keng qo‘llanilishi bilan ham belgilanadi. Su nuqtayi nazardan, alifbo va imlo qoidalarini takomillashtirish til siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirish, davlat tilining nufuzini oshirish va uning zamonaviy axborot texnologiyalarida qo‘llanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Qonunning asosiy g‘oyasi – o‘zbek tilining yozuv tizimini takomillashtirish, uni qo‘llashda qulaylik yaratish va raqamli muhitdagi imkoniyatlarini kengaytirish.

Alifboning tarkibi quyidagicha belgilanmoqda:
28 ta harf, 1 ta tutuq belgisi (ʼ).
Qonunning eng ko‘zga ko‘rinadigan yangiligi – hozirgi lotin alifbosidagi to‘rtta harfning yangi shaklda ifodalanishidir. Bular, O‘ o‘ → Ö ö, G‘ g‘ → Ğ ğ, Sh sh → Ş ş, Ch ch → Ç ç.
Bu o‘zgarishlarning amaliy mazmuni quyidagilarda namoyon bo‘ladi.
Birinchidan, harflar birikmalari o‘rniga alohida harflar qo‘llaniladi. Amaldagi yozuvda “Sh” va “Ch” kabi ikki belgidan tashkil topgan birikmalar yangi alifboda bittadan harf bilan ifodalanadi. Bu alifbodagi harflarning mustaqilligini oshirish va yozuv tizimini ixchamlashtirishga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, yozuvning izchilligiga e’tibor kuchayadi. Bir tovushni ifodalash uchun ikki belgidan foydalanish o‘rniga bitta harf qo‘llanishi orqali matnni yozish va o‘qish jarayonida muayyan qulayliklar yaratilishi kutilmoqda.
Uchinchidan, elektron muhitda ishlash imkoniyatlari kengayadi. Matn terish, elektron qidiruv, ma’lumotlarni saralash va dasturiy vositalarni moslashtirishda yangi alifboni yagona standart asosida qo‘llash imkoniyati paydo bo‘ladi.
Qonunning asosiy maqsadlaridan yana biri – davlat tilini raqamli muhitda qo‘llash imkoniyatlarini kengaytirishdir.
Qolaversa, o‘zbek tilining xalqaro nufuzi uchun yagona va izchil yozuv tizimi o‘zbek tilini xorijda o‘rganayotganlar, tarjimonlar, tadqiqotchilar va xalqaro hamkorlar uchun ham juda muhimdir.
Alifboni takomillashtirish o‘zbek tilidagi matnlarni tayyorlash, tarqatish va raqamli resurslar yaratishda umumiy standartdan foydalanishga yordam beradi.
Bu, o‘z navbatida, o‘zbek tilidagi ilmiy, madaniy va ta’limiy materiallarning xalqaro maydonda kengroq tarqalishiga xizmat qiladi.
Eski hujjatlar, pullar va boshqa rasmiy belgilar taqdiri nima bo‘ladi deydigan bo‘lsak, Qonunning 2-moddasi aholi va tashkilotlar uchun eng muhim kafolatlardan birini belgilaydi. Unga ko‘ra, yangi qonun kuchga kirguniga qadar amaldagi alifboda rasmiylashtirilgan hujjatlarda eski harf shakllari mavjud bo‘lishi ularning amal qilishiga to‘sqinlik qilmaydi. Milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlar ham muomalada qoladi.
Bular esa quyidagilarda ko‘rinadi:
1) Avval berilgan rasmiy hujjatlar: ulardagi harflarning eski shakli sababli hujjat o‘z-o‘zidan haqiqiyligini yo‘qotmaydi.
2) Milliy valyuta: banknotlar yangi yozuvga o‘tilgani uchun almashtirilishi shart bo‘lmaydi.
3) Qimmatli qog‘ozlar: ularning amal qilishi va muomalasi davom etadi.
4) Tashkilotlarning ramzlari va atributlari: eski harflar aks etgan belgilardan belgilangan tartibda foydalanish mumkin bo‘ladi.
5) Bino va inshootlardagi yozuvlar: davlat gerbining bo‘rtma tasvirlari, geografik obyektlar nomlari tushirilgan peshlavha va ko‘rsatkichlar darhol almashtirilishi shart emas.
Masalan, fuqaroning avval olgan diplomi, guvohnomasi yoki boshqa rasmiy hujjatida eski alifbodagi harflar mavjud bo‘lsa, faqat shu sabab bilan uni yangilash zarurati kelib chiqmaydi. Albatta, hujjatni almashtirishga boshqa qonuniy asoslar mavjud bo‘lsa, ular alohida tartibda ko‘rib chiqiladi.
Demak, qonunning maqsadi eski hujjatlarni bekor qilish emas, balki yangi yozuvga tartibli va ortiqcha xarajatlarsiz o‘tish uchun huquqiy sharoit yaratishdir.
Xulosa qilib aytganda, o‘zbek tilining lotin yozuviga asoslangan alifbosini zamonaviy talablarga moslashtirishga qaratilgan huquqiy hujjat sifatida tushunish mumkin.
Qonunning maqsadi shunchaki to‘rtta harfni almashtirish emas. U o’zbek yozuvini takomillashtirish, davlat tilining raqamli muhitdagi imkoniyatlarini kengaytirish va alifboni qo‘llashda yagona me’yorni shakllantirishga qaratilgan. Ushbu maqsadlarga erishish esa qonun talablarini izchil amalga oshirish, aholining yangi yozuvni o‘zlashtirishi va tegishli tashkilotlarning puxta tayyorgarligiga bog‘liq.
Sherali Temirov,
Samarqand viloyati hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish,
davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash
masalalari bo‘yicha maslahatchisi.
O’zA