Bir piyola suv va mehr: Toshkent ko‘chalarida iftorlik aksiyasi
FOTOREPORTAJ
Muborak Ramazon oyi mamlakatimizda nafaqat ma’naviy poklanish, balki o‘zaro mehr-oqibat va saxovat pallasi sifatida ham alohida ahamiyat kasb etmoqda. Buning yorqin ifodasi sifatida poytaxtimiz ko‘chalarida bir guruh faol yoshlar tomonidan amalga oshirilayotgan “Yo‘lda iftorlik” aksiyasini ko‘rsatish mumkin. “Sen dunyoga keraksan” volontyorlik loyihasi doirasida tashkil etilgan ushbu tashabbusning asosiy maqsadi — tirbandlik sababli uyiga yetib bora olmagan ro‘zadorlarga iftorlik vaqtida ko‘mak berish, ularning o‘z vaqtida og‘iz ochishlariga hissa qo‘shishdan iborat.
[gallery-28098]
Mazkur xayrli loyiha ilk bor 2022-yilda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mana bir necha yildirki, Ramazon oyining ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Har kuni iftorlik mahsulotlarini tayyorlash jarayoni Toshkent shahridagi “City Line” biznes markazida boshlanadi. Bu yerda to‘plangan ko‘ngillilar xurmo va suvlarni maxsus paketlarga joylab, tarqatish uchun tayyor holga keltiradi. Iftor vaqti yaqinlashgach, tayyor to‘plamlar shaharning eng gavjum chorrahalari, yo‘l uchastkalari va jamoat transporti bekatlariga yetkazilib, yo‘lovchilar hamda haydovchilarga ulashiladi.
Aksiyaning miqyosi va yoshlarning faolligi kishida havas uyg‘otadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilgi Ramazon oyining o‘tgan davri mobaynida qariyb 20 ming dona suv va xurmo to‘plami tarqatildi. Kunlik ko‘rsatkich o‘rtacha 800 tadan 1500 tagacha yetib borayotgani, loyihaga 300 ga yaqin volontyorlarning jalb etilgani uning naqadar keng ko‘lam kasb etganidan dalolat beradi. Tashkilotchilar Ramazon oyi yakuniga qadar jami 25 mingdan ortiq iftorlik to‘plamini tarqatishni rejalashtirgan.
E’tiborlisi shundaki, ushbu ezgu tashabbus nafaqat volontyorlarning kuchi, balki saxovatpesha insonlarning qo‘llab-quvvatlashi bilan ham hayotiylik kasb etmoqda. “Yo‘lda iftorlik” aksiyasi shunchaki moddiy yordam emas, balki jamiyatimizdagi jipslik, bir-biriga g‘amxo‘rlik va olijanoblik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim ijtimoiy harakatdir. Loyiha tashkilotchilari kelgusida ushbu tajribani respublikamizning boshqa hududlarida ham keng joriy etishni, ezgulik manzillarini yanada ko‘paytirishni maqsad qilgan.
Mumtozbegim Abdumo‘minova, O‘zA