“Bir million dasturchi” loyihasini rivojlantirish bo‘yicha yangi qaror
Vazirlar Mahkamasining “Yoshlarni “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida o‘qitish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, yoshlarga kompyuter dasturlash sohasida ta’lim olishda yanada qulayroq imkoniyatlar yaratish, umumta’lim maktablarini zamonaviy kompyuter va boshqa texnik vositalar bilan ta’minlash belgilab berilgan. Mazkur loyihada o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan sabablar bilan ishtirok eta olmagan umumta’lim maktablar kompyuter sinf xonalarini zamonaviy kompyuter va boshqa texnik vositalar bilan jihozlash uchun respublika byudjeti hisobidan jami 100 milliard so‘m miqdorda mablag‘ ajratiladi. Shundan 50 milliard so‘mni 2022 yil 1 yanvarga qadar va qolgan mablag‘ni 2022 yil 1 martga qadar ajratish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, ushbu qarorga ko‘ra, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi zimmasiga o‘quvchilar axloq – ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydigan kontentga ega bo‘lgan ta’lim resurslariga yuqori tezlikda va cheklovlarsiz kirish imkonini beradigan internet xizmatini joriy etish masalasi ham yuklatilgan.
Qarorda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligi 2021/2022 o‘quv yili davomida “Bir million dasturchi” loyihasi bo‘yicha umumta’lim maktablari informatika fani o‘qituvchilarining malakasini oshirish, jumladan, onlayn o‘quv kurslarini tashkil etishlari ham nazarda tutilgan.
Yana bir muhim jihat, ushbu qarorga ko‘ra, 2022 yilning 1 yanvariga qadar umumta’lim maktablari Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining elektron axborot-kutubxona fondiga ulanishi ta’minlanadi.
O‘zA