Bir lahzalik beparvolik fojiaga sabab bölmasin
Farğonada bir haftada ikki oilaning 12 aʼzosi is gazidan vafot etdi. Ular orasida 7, 3 va 1 yoşli qizaloqlar ham bor edi...
Afsuski, qiş hali eşik qoqib kelmasidanoq, ijtimoiy tarmoqlarda şu kabi ayançli xabarlar tarqala boşladi. Havolar sovimoqda, aksariyat xonadonlarda allaqaçon isitiş moslamalari, gaz peçlari va turli muqobil isitiş vositalaridan foydalaniş köpaydi. Taşqaridan qaraganda uy issiq, oila tinç, hamma öz yumuşi bilan band. Ammo ayrim xonadonlarda közga körinmaydigan, hidsiz va taʼmsiz xavf allaqaçon tarqalayotgan bölişi mumkin. Bu — is gazi. Eng açinarlisi, uning xavfi köpinça keç anglanadi. Çunki is gazini körib ham, hidlab ham bölmaydi. Inson esa xavfni sezguniga qadar zaharlaniş jarayoni boşlangan bölişi mumkin.
Aslida xavf qayerdan boşlanadi?
Mutaxassislarning taʼkidlaşiça, is gazi — yoqilği tarkibidagi uglerodning kislorod yetişmagan şaroitda töliq yonmasligi natijasida hosil böladigan zaharli modda bölib, nosoz gaz uskunalari, isitiş peçlari, dudburon va mörilarning yaxşi işlamasligi, şuningdek, havo aylanişi çeklangan joylarda paydo bölişi mumkin. Köpçilik is gazidan zaharlaniş faqat eski peç yoki nosoz gaz jihozlari bilan boğliq, deb öylaydi. Aslida esa xavf manbalari bundan kengroq. Texnik talablarga javob bermaydigan isitiş uskunalari, dudburonning tiqilib qolişi, yopiq xonada avtomobil dvigatelini işlatiş ham jiddiy xavf tuğdiradi.
Muammoning xavfli jihati şundaki, inson tanasida keçayotgan zaharlaniş alomatlarini öz vaqtida anglamasligi mumkin. Is gazi nafas orqali organizmga kirib, qondagi gemoglobin bilan birikib oladi va kislorodning töqimalarga yetkazilişiga tösqinlik qiladi. Natijada, eng avvalo miya va yurak kislorod tanqisligidan aziyat çekadi.
Kuçli boş oğriği, lanjlik, boş aylanişi, köngil aynişi, holsizlik, nafas qisişi — is gazidan zaharlanişning dastlabki belgilari bölişi mumkin. Oğir holatlarda huşdan ketiş, tirişiş, yurak faoliyati buzilişi va hatto ölim yuz berişi ehtimoli bor. Ayniqsa, bir xonada bölgan bir neçta odamda bir vaqtning özida boş oğriği, köngil aynişi yoki holsizlik kuzatilsa, buni oddiy çarçoq yoki şamollaş deb qabul qiliş mumkin emas. Bunday vaziyatda har bir daqiqa ğanimat, vaqtni boy beriş esa hayot uçun xavfli. Eng birinçi çora darhol barça odamlarni toza havoga olib çiqiş, xavfsiz bölsa gaz manbasini öçiriş, eşik-oynalarni oçiş, elektr çiroqlari va boşqa elektr jihozlarini yoqmaslik lozim. Bu kabi holatda “112” yoki “103” raqamiga qönğiroq qiliş, tibbiy yordam çaqiriş zarur. Huşsiz odamni yopiq xonadan himoya vositalarisiz olib çiqişga uriniş qutqaruvçining özi uçun ham xavf tuğdirişi mumkin. Muhimi, alomatlar yöqolgandek tuyulsa ham, tibbiy körikdan ötiş şart. Is gazidan zaharlanişning ayrim asoratlari keyinroq ham namoyon bölişi mumkin.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi masʼullari bu borada tez-tez ogohlantirişlar bilan tarğibot işlarini amalga oşirmoqda. Isitiş moslamalaridan notöğri foydalaniş oqibatida köngilsiz hodisalar sodir bölişi hamda insonlar is gazidan zaharlanişi mumkinligi töğrisida tinimsiz bong uradi. Qölbola va nosoz gaz isitiş moslamalaridan foydalanmaslik, tungi vaqt aholi turar joylarida örnatilgan isitiş tizimini nazoratsiz qoldirmaslik, oşxonada örnatilgan tabiiy gazda işlovçi gaz plitalaridan xonalarni isitiş maqsadida foydalanmaslik, isitiş peçlari va ularning mörilarini sozligiga, ular turli buyum va tösiqlar bilan berkitilmasligiga hamda maxsus taşkilotlar tomonidan öz vaqtida tozalanişiga alohida eʼtibor beriş kabi muhim tavsiyalarni öz vaqtida taqdim etib bormoqda.
Mantiqan öylasak, xavfni fojeaga aylantirmaslik öz qölimizda. Is gazidan zaharlaniş holatlarining oldini oliş uçun mavsumiy tayyorgarlikni sovuq tuşgandan keyin emas, undan oldin boşlaş lozim. Buning uçun gaz uskunalari va isitiş moslamalarini malakali mutaxassisga tekşirtiriş, dudburon va mörilarning tozaligi hamda tortiş kuçini nazorat qiliş, xonada doimiy havo almaşinuvini taʼminlaş muhim. Is gazini aniqlovçi maxsus signalizator örnatiş ham xavfni erta sezişga yordam beradi.
Bu borada masʼul idoralarning profilaktik tuşuntiriş işlari ham faqat mavsumiy tadbirlar bilan çeklanib qolmasligi zarur. Har bir xonadonda xavfsizlik qoidalariga amal qilinayotgani, gaz jihozlari va mörilarning texnik holati nazoratda ekani muhim. Zero, xavfsizlik faqat ogohlantiruvçi eʼlonlar yoki devorga ilingan qoidalar bilan taʼminlanmaydi. U kundalik hayotdagi masʼuliyat, texnik nazorat va har bir insonning huşyorligi bilan boşlanadi. Bir lahzalik beparvolik ortidan bir umrlik puşaymon kelmasin. Is gazi ogohlantirmaydi, ammo uning oldini oliş mumkin.
Muhayyo Toşqorayeva,
ÖzA