Bir bo‘lak non va katta savol: iste’molchi haqqi kim uchun?
Kechqurun ishdan qaytar ekanman, har doimgidek yo‘l-yo‘lakay do‘konga kirdim. Ro‘zg‘or uchun kerakli mahsulotlar qatorida non ham oldim.
Uyga kelib dasturxonga non qo‘yish uchun paketni ochdim. Biroq ko‘zim tushgan manzara bir zumda hafsalamni pir qildi. Bug‘doy-javdar noni deya nom bilan qadoqlangan non mog‘orlab, ko‘karib ketgan. Shoshilinchda men ham bunga savdo markazini o‘zida e’tibor bermaganman. Inson nonni rizq-ro‘z deb biladi. Uni dasturxonga hurmat bilan qo‘yadi. Ammo dasturxonga qo‘yish uchun olib kelgan nonimizning mog‘orlab qolganini ko‘rish har qanday xaridorni ranjitishi tabiiy.
Eng achinarlisi, bu holat birinchi marta emas. Ilgari ham bir necha bor sifatsiz va iste’molga yaroqsiz mahsulotlarga duch kelganman. Bu gal esa befarq qolmaslikka qaror qildim. Chek, mahsulot surati va boshqa dalillarni saqlab, savdo tarmog‘iga murojaat yubordim.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay mashhur kompaniya vakillari aloqaga chiqdi. Ular vaziyatni o‘rganishini, mahsulot qayerdan kelgani va qanday qilib sotuvga chiqib qolganini aniqlashini ma’lum qildi. Albatta, bu yaxshi holat. Chunki har qanday yirik kompaniya o‘z obro‘siga befarq bo‘lmasligi kerak. Biroq, mening savolim boshqacha edi: Nega mog‘orlagan mahsulot sotuvga chiqqan? Axir xaridor mahsulot uchun pul to‘layotganda uning sifatiga ishonadi. U mahsulotni laboratoriyada tekshirib olmaydi, saqlash sharoitini nazorat qilmaydi. Bu vazifa ishlab chiqaruvchi va sotuvchi zimmasida. Xaridor esa do‘kon peshtaxtasida turgan mahsulot iste’molga yaroqli ekaniga ishonib sotib oladi.
Bugun bir dona non mog‘orlagan bo‘lishi mumkin. Ertaga esa boshqa oziq-ovqat mahsuloti. Agar bu kabi holatlarga ko‘z yumilsa, muammo yana takrorlanaveradi. Shuning uchun har bir iste’molchining murojaati muhim. Bu faqat bir insonning haqqi uchun kurashish emas, balki barcha xaridorlarning xavfsizligi uchun ham xizmat qiladi.
Qonunchilikka ko‘ra, iste’molchi sifatsiz mahsulot uchun pul mablag‘ini qaytarishni, mahsulotni almashtirishni va ayrim hollarda yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega. Ammo gap faqat bir necha ming so‘mlik non haqida emas. Gap ishonch haqida ketmoqda. Iste’molchi do‘konga kirganda u yerdagi mahsulotlar xavfsiz va sifatli ekaniga ishonishi kerak.
Men uchun bu voqea bir bo‘lak nondan boshlandi. Ammo u kattaroq savolni yuzaga chiqardi: bugun xaridor haqiqatan ham qadrlanyaptimi? Iste’molchi murojaati faqat rasmiy javob bilan yakunlanadimi yoki bunday holatlar takrorlanmasligi uchun aniq choralar ko‘riladimi?
Non — iste’mol mahsuloti. Uning ortida inson salomatligi, huquqi va ishonchi turibdi. Ana shu ishonchni saqlash esa har qanday savdo tarmog‘ining eng muhim vazifasi bo‘lib qolishi kerak. Bo‘lmasa, mog‘orlagan bir bo‘lak non nafaqat dasturxonni, balki iste’molchining ishonchini ham yemiradi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA