“Besh tashabbus paralimpiadasi” yangi mujdalarni tuhfa etdi
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” sport majmuasi va maydonchalarida ikki kun davomida o‘tkazilgan “Besh tashabbus paralimpiadasi” ommaviy sport musobaqalarining respublika final bosqichi matonat va iroda sohiblari qalbiga chinakam sport zavqini tortiq etish bilan birga yangi muvaffaqiyatlarga chorlov vazifasini o‘tadi.
To‘rtta adaptiv sport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarning respublika final bosqichida hududiy saralashlarda g‘oliblikka erishgan 364 nafar para sportchilar g‘oliblik uchun kurash olib bordi. O‘z iqtidorini, chapdastligini namoyish etganlar shohsupaning eng yuqorisidan joy egalladi.
Aytish lozimki, joriy yilgi “Besh tashabbus paralimpiadasi” o‘yinlarining ilk bosqichida mamlakatimizdagi mahallalarda istiqomat qilayotgan 105 ming 10 nafar nogironligi bor shaxslar qamrab olindi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 23 foizga yuqori ko‘rsatkichdir.
Ikki kunlik “Besh tashabbus paralimpiadasi” musobaqalarining final bosqichida g‘olib va sovrindorlikka erishganlarni tantanali taqdirlash marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sport bo‘yicha vakili Odil Abdurahmonov, sport vaziri Adham Ikromov, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari – O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev hamda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston adaptiv sport assotsiatsiyasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jayev para stol tennisi, para yengil atletika, para badminton, armrestling, shaxmat musobaqalarida o‘z iqtidorini namoyish etgan har bir ishtirokchi aslida musobaqaning ramziy g‘olibi ekanini ta’kidladi.
Musobaqalar yakunlariga ko‘ra, umumjamoa hisobida Toshkent viloyati birinchi, Samarqand viloyati ikkinchi, Xorazm viloyati vakillari esa uchinchi o‘rinni egalladi.
G‘olib va sovrindorlarga kubok, diplom hamda esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Musobaqalarning yana bir e’tiborga molik jihati, 5 ta adaptiv sport yo‘nalishlaridagi bahslarda umumiy hisobda 78 nafar para sportchi chempion bo‘ldi.
Ushbu g‘alaba ularga o‘z mahallalarida Sport vazirligi tomonidan zamonaviy universal sport maydonchalari barpo etib berilishi huquqini taqdim etdi. Bu bilan yana ko‘plab mahallalarga, oilalarga sport zavqi kirib boradi.
T. Ro‘ziyev,
A.Mamadaminov(foto), O‘zA