“Besh tashabbus olimpiadasi” g‘oliblari taqdirlandi
Ayni kunlarda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan ta’lim muassasalarida ishlovchi xodimlarni sportga keng jalb etish, o‘qituvchilarning jismoniy faollik darajasini oshirish, umumta’lim maktablarida sport to‘garaklari faoliyatini jonlantirishga ko‘maklashish maqsadida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida barcha hududlarlarda “Sog‘lom tanda sifatli ta’lim” shiori ostida musobaqalar uyushtirilmoqda.

Jumladan, Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida xalq ta’limi bo‘limi tizimidagi maktab o‘qituvchilari o‘rtasida “Kasaba uyushmasi kubogi” uchun sport musobaqalarining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Ushbu bellashuvda shahar va tuman bosqichlarida g‘olib chiqqan 300 dan ziyod pedagoglar sportning bir qator turlari bo‘yicha kuch sinashdi.

Musobaqalarning yakuniy bosqichida Yangiqo‘rg‘on tumani jamoasi mutlaq g‘olib bo‘ldi. G‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoaga 30 million so‘m pul mukofoti va “Kasaba uyushmasi kubogi” topshirildi. Shuningdek, yakkalik bahslarda yuqori natijalarga erishgan muallimlarga turnir tashkilotchilarining diplom hamda qimmatbaho sovg‘alari topshirildi. “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqasining tantanali taqdirlash marosimida Respublika Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ishtirok etdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA