Benazir inson edi
Xotira – aziz, qadr – muqaddas
Dunyoda shunday tushuncha borki, u vaqt o‘tishi bilan eskirmaydi, aksincha, insoniyat ma’naviy olamining sarchashmasiga aylanib boraveradi. Bu – xotira va qadrlash.
Xotira bu shunchaki o‘tgan voqea-hodisalarni eslash emas, balki ajdodlarimizning hayot yo‘li, ularning yurt tinchligi, xalq farovonligi yo‘lidagi matonati, fidoyiligi, sadoqatu jonkuyarligidan xulosa chiqarishdir. O‘zining qisqa bo‘lsa-da, mazmunli, ma’nolarga to‘la umrini mustaqil yurtimizning ravnaqi, iqtisodiyot takomili, millat farzandlari istiqboli, yosh avlod ma’naviy yuksalishiga sarflagan insonlardan biri – Suvon Najmiddinov edi.
Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida Denov degan katta bir qishloq bor. Yerlari hosildor, ariqlari to‘la suv, odamlari bunyodkor, farzandlari ilmga, ma’rifatga chanqoq so‘lim bir maskan. Suvon aka 1964-yil 19-may kuni ma’rifatli oilada tug‘ilgan. Umumta’lim maktabini tugatib, Toshkent xalq xo‘jaligi instituti – hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga o‘qishga kirdi.
Yoshligidan matematikaga qiziqishi kuchli bo‘lgan Suvon akadagi bu qobiliyatni anglagan oila boshlig‘i O‘rinboy ota barcha hisob-kitobli joylarga o‘g‘illarini olib borardilar. Bu iqtidor Suvon akaga qo‘l keldi. 1985-1989-yillarda institutning “Taftish va nazorat” iqtisosligini a’lo baholarda tugatib, shu ilm dargohida faoliyatini davom ettirdi.
U avvaliga “Buxgalteriya hisobi va nazorati” kafedrasi assistenti, keyinchalik aspiranti va katta o‘qituvchisi lavozimlarida faoliyat yuritib, 1996-yilda “Bozor iqtisodiyoti sharoitida, meva-uzum mahsulotlarini qayta ishlash jarayonini hisobga olishni tashkil etish” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
Suvon O‘rinovich turli yillarda Toshkent moliya instituti ilmiy ishlar bo‘limi boshlig‘i, Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi moliya departamenti rahbari, Bosh boshqarma boshlig‘i, “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining bosh direktori o‘rinbosari, “O‘zbekiston pochtasi” OAJ bosh direktori o‘rinbosari, 2007-2018-yillarda “Matbuot tarqatuvchi” aksiyadorlik kompaniyasining bosh direktori lavozimida samarali mehnat qilgan.
Tabiatan xushchaqchaq, og‘ir-vazmin, kamtarin va tashkilotchi bo‘lgan Suvon aka mehnat faoliyatida kadrlar salohiyatini oshirish, me’yoriy-huquqiy hujjatlar bilan ishlashda mavjud qonunchilik tamoyillariga qat’iy rioya etish, ishchi-xodimlarni ijtimoiy himoyalashga katta ahamiyat qaratdi. Shu bilan birga, korxonaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, salohiyatli, iqtidorli yosh kadrlarga munosib sharoit yaratib, ularning iqtidoridan yurt manfaati yo‘lida oqilona foydalanish masalalariga jiddiy e’tibor qaratdi.
2019-yildan umrining so‘nggi damlariga qadar UNICON.UZ Fan-texnik va marketing tadqiqotlari markazida Suvon aka koordinatorligida bir qator IT loyihalar amalga oshirildi. Ushbu loyihalar Markazning moliyaviy daromadi oshishiga salmoqli hissa qo‘shdi.
Ilmga chanqoq, kitob mutolaasini doimiy odatga aylantirgan Suvon O‘rinovich tomonidan 133 dan ortiq ilmiy-uslubiy ishlar yaratildi. Jumladan, 1 ta darslik, 1 ta elektron darslik, 3 ta o‘quv qo‘llanma, 1 ta monografiya, 2 ta tajriba-konstruktorlik ishi, 2 ta uslubiy qo‘llanma, 2 ta Intellektual mulk agentligi guvohnomasi, shuningdek, mahalliy va xorijiy jurnallarda chop etilgan qator maqolalar izlanuvchi va tadqiqotchilar uchun qimmatli meros bo‘lib qoldi.
Kamtarin inson, talabchan rahbar va mas’uliyatli xodim bo‘lgan Suvon akaning ko‘p yillik samarali mehnatlari davlatimiz tomonidan munosib qadrlandi. U kishi Prezidentimiz farmoni bilan “Shuhrat” medali, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 15 va 25 yilligi ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan.
Xalqimizda “Ot o‘rnini toy bosar” degan purma’no naql bor. Mehribon va oilaparvar ota sifatida Suvon akaning farzandlari kamoli, yurt ravnaqi yo‘lida xizmat qilishi eng katta orzularidan edi. Afsuski, beshafqat o‘lim u kishini oramizdan erta olib ketdi. Biroq Suvon aka tarbiyalab voyaga yetkazgan uch farzand bugun otasi ishining munosib davomchilari bo‘lib kamol topmoqda.
Katta o‘g‘li Sardorjon yaqin kunlarda iqtisod fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini himoya qilish arafasida turibdi. Kichik o‘g‘li
Sarvarjon Toshkent davlat iqtisodiyot uниверситетиda taлабаларга saboq бермоқda. Qizlari Fotimaxon esa xususiy tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda.
Xulosa qilib aytganda, bugun farzandlari va tarbiyalagan shogirdlari yutuqlarini ko‘rib, Suvon Najmiddinovning umri mazmunli va barakali kechganiga yana bir bor iqror bo‘lasan, kishi.
Hamisha odamlarga yaxshilik ilinjida yashagan, qiyin pallalarda beminnat yordam qo‘lini cho‘zgan, kamsuqum, mulohazali, halol va pokiza inson Suvon akani hech qachon unutmaymiz.
Nodir G‘afforov,
O‘zDJTSU professori,
filologiya fanlari doktori
O‘zA