Belbog‘li kurashchilar Xivada bellashdi
Xabaringiz bor, o‘tgan haftaning so‘nggi kunlarida Xivadagi "Ichan qal’a" tarixiy majmuasida Xalqaro etnosport festivali bo‘lib o‘tdi. Mazkur festival doirasida bir qator sport turlari, jumladan, belbog‘li kurash bo‘yicha erkaklar o‘rtasida beshta vazn toifasida xalqaro turnir o‘tkazildi.
Xalqaro turnirda 10 dan ortiq davlatlarning nomdor polvonlari g‘oliblik uchun kurash olib bordi.

Shiddatli bellashuvlarga boy tarzda kechgan nufuzli musobaqada hamyurtlarimizdan Nusrat Yuldoshev va Og‘abek Amatboyev, Turkmaniston vakillaridan Annagurban Allaberdiyev va Nobatgeldi Nazarov, qozog‘istonlik Nursulton Kuzageldi ulu g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, Tojikiston, Rossiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Belarus davlatlarining sportchilari sovrindorlar qatoridan joy oldi.

Turnir doirasida Jahon belbog‘li kurash assotsiatsiyasining navbatdagi kongressi tashkil etildi. Unda Ozarbayjon, Litva, Turkmaniston, Tojikiston,Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Italiya, Ispaniya, Rossiya, O‘zbekiston, Hindiston, Eron, AQSH, Shvetsiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy, Gruziya, Isroil, Mongoliya, Estoniya hamda Latviya belbog‘li kurash federatsiyasi rahbarlariga a’zolik sertifikatlari topshirildi.

Kongress so‘nggida Amerika Qo‘shma Shtatlari belbog‘li kurash federatsiyasi vakili, Toshkent-Sietl hamdo‘stlik shaharlari assotsiatsiyasi raisi Lola Zaxarova va Jahon belbog‘li kurash assotsiatsiyasi prezidenti Azizbek G‘aniyev, tegishli tashkilot mutasaddilari ishtirokida AQSHda belbog‘li kurashni ommalashtirish borasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA muxbiri