“BELAZ”: keyingi marra 560 tonna yuk ko‘taradigan mashina ishlab chiqarish
MDH mamlakatlari axborot agentliklari jurnalistlari ishtirokida Rossiya va Belarus shaharlari bo‘ylab o‘tkazilayotgan “G‘alaba yo‘llari” xalqaro media turi davomida qudratli yuk mashinalari va texnika vositalari ishlab chiqariladigan “BELAZ” zavodiga safar uyushtirildi.
Yetmish yillik tarixga ega mazkur korxona bugun nafaqat Belarus Respublikasi, balki dunyodagi tog‘-kon sanoati uchun zarur ulkan samosval (o‘zi ag‘dargich) va yuk ortish texnikalari ishlab chiqaruvchi asosiy zavodlardan biri hisoblanadi. Bu yerda ishlab chiqarilgan texnikalardan hozirda dunyoning 80 dan ortiq mamlakati, jumladan, O‘zbekiston tog‘-kon sanoatida foydalaniladi.
Korxonada 1961 yilda 25 tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega samosval ishlab chiqarilgan bo‘lsa, keyinchalik mashinalar yuk ko‘tarish quvvati 450 tonnagacha oshirildi. 2013 yilda taqdimot qilingan 450 tonna yuk ko‘taradigan o‘zi ag‘dargich 503,5 tonna yuk olib, Ginges rekordlar kitobiga kirdi.
[gallery-25382]
Zavod konstruktorlari tomonidan hozir 560 tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega samosval ishlab chiqarish loyihasi tayyorlangan. Ammo bunday gigant mashinadan foydalanish imkoniyati va u uchun zarur shinalar ishlab chiqarish masalalari o‘rganilmoqda.
- Hozir oldimizda turgan asosiy vazifa -- masofadan boshqariladigan mashinalar ishlab chiqarish va ekologiya masalasi, — deydi korxona bosh konstruktori Aleksandr Naskovets. —Bizda hozir bu jarayon davom etmoqda. Haydovchisiz boshqariladigan ikkita qudratli texnikamizdan Rossiyadagi konlarda foydalanilmoqda. Belarusning o‘zida ham yana ikkita shunday texnikaning takomillashgan turi sinovdan o‘tkazilmoqda. Biz kelajakni, kelgusi avlodlar taqdirini o‘ylashimiz kerak. Yerdagi konlar vaqti kelib tugaydi. Ana shunda, hatto, Oyda qazilma olishni o‘ylab, texnikalarimizni ishlab chiqarishimiz zarur.
Jurnalistlar zavoddagi ishlab chiqarish jarayonlari va texnikalar bilan tanishdi.
G‘olib Hasanov, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA maxsus muxbirlari
Belarus Respublikasi, Minsk shahri.