Belarusda "O‘zbekiston madaniyati kunlari" (+video)
Belarus poytaxti Minsk shahrida uchinchi bor tashkil etilgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan yirik xalqaro tadbirga aylandi. Tadbirlar doirasida O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va Belarus madaniyat vaziri Marat Markov o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarda teatr, kino, muzey, kutubxona, madaniy ta’lim, ijodiy jamoalar almashinuvi, madaniy merosni asrash hamda raqamli texnologiyalarni madaniyat sohasiga joriy etish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar qo‘shma ishchi guruh tuzish va hamkorlikni tizimli rivojlantirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Uchrashuvlarda kinematografiya sohasiga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston va Belarus tarixi, madaniy merosi hamda zamonaviy hayotini aks ettiruvchi badiiy va hujjatli filmlarni birgalikda suratga olish bo‘yicha uzoq muddatli dastur ishlab chiqish taklifi ilgari surildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Minskdagi Belarus Axborot Texnologiyalari Parki faoliyati bilan ham tanishib, sun’iy intellekt, raqamli ta’lim, kiberxavfsizlik, elektron davlat xizmatlari va kreativ industriya uchun ishlab chiqilgan innovatsion yechimlar bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, madaniy meros ob’ektlarini 3D formatda raqamlashtirish, virtual va kengaytirilgan reallik texnologiyalari asosida muzey ekspozitsiyalarini yaratish hamda arxiv va kutubxona fondlarini raqamlashtirish bo‘yicha tajribalar katta qiziqish uyg‘otdi.

Shuningdek, delegatsiya Minsk shahridagi A.Glebov nomidagi davlat amaliy san’at kollejiga tashrif buyurib, milliy an’analarni zamonaviy dizayn bilan uyg‘unlashtirish, kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, yosh dizayner va hunarmandlarni tayyorlash hamda qo‘shma ta’lim loyihalarini amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi.
“O‘zbekiston madaniyati kunlari” doirasida Minskdagi “Pobeda” kinoteatrida “O‘zbek kinosi kunlari”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘g‘il” badiiy filmi namoyish etildi.

Shuningdek, belarus tomoshabinlari uchun “Qadam. Quyosh bolasi Yusuf” va “Namozshomgul” filmlarini ham taqdim etish rejalashtirildi. Marosimda “Uzbechka”, “Kazbek” va “Ilhaq” kabi qo‘shma filmlar ikki davlat kino hamkorligining muvaffaqiyatli namunasi sifatida e’tirof etildi.
Tadbirlar doirasida “Yangi O‘zbekiston” fotoko‘rgazmasi ham tashkil qilinib, unda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy qiyofa, boy tarixiy-madaniy meros, me’moriy obidalar, tabiat va milliy qadriyatlarni aks ettiruvchi 100 ga yaqin fotosurat namoyish etildi.

“O‘zbekiston madaniyati kunlari”ning yakuniy va eng yorqin tadbirlaridan biri Minskdagi “Respublika” saroyida bo‘lib o‘tgan tantanali gala-konsert bo‘ldi. Unda O‘zbekiston va Belarus madaniyat vazirlari, ikki davlat rasmiylari, madaniyat va san’at namoyandalari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. Konsert O‘zbekiston davlat simfonik orkestri ijrosidagi “O‘zbekiston – ona diyorim” kompozitsiyasi bilan ochildi. Xalqaro tanlovlar sovrindori dirijyor Abbosbek Vahobov boshchiligidagi ijodiy jamoa ijrosida o‘zbek va belarus xalqlarining boy musiqiy merosi, milliy an’analari hamda zamonaviy san’ati uyg‘unlashgan 20 ga yaqin musiqiy va raqs chiqishlari namoyish etildi.
Minskda o‘tkazilgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash, qo‘shma ijodiy va ta’lim loyihalarini rivojlantirish hamda milliy madaniy merosni xalqaro maydonda keng targ‘ib etishga xizmat qiluvchi muhim maydon sifatida e’tirof etildi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/PlRo9_w92HM" title="Belarusda "O‘zbekiston madaniyati kunlar"" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Mohichehra Eshmirzayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA