Bektemir Meliqo‘ziyev navbatdagi raqibini “qulat”di
AQSHning Nevada shtati Las-Vegas shahrida hamyurtimiz Bektemir Meliqo‘ziyev professional boksdagi o‘zining o‘n sakkizinchi jangini o‘tkazdi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Bektemir super o‘rta vazn toifasida Gana vakili Sena Agbekoga qarshi ringga ko‘tarildi. O‘n raundga mo‘ljallangan jangning yettinchi raundida Bektemir raqibiga yo‘llagan kuchli zarbadan so‘ng referi hisobni ochdi va jang to‘xtatildi hamda charm qo‘lqop ustamizni g‘olib deya e’lon qildi.
Shu tariqa, Bektemir Meliqo‘ziyev professional ringdagi 18 jangini o‘tkazib, 17 ta g‘alaba va 1 ta mag‘lubiyat qayd etmoqda. 33 yashar Sena Agbeko hisobida esa 29 ta g‘alaba bor va bugun u beshinchi mag‘lubiyatini aynan o‘zbek o‘g‘lonidan qabul qilib oldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA