Bektemir finalda, Murodjon bronza medal sohibi
Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida davom etayotgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida bokschilarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida davom etayotgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida bokschilarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.Vazni 75 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari o‘rtasidagi yarim final bellashuvida ringga chiqqan tajribali bokschimiz, o‘smirlar o‘rtasida jahon va Osiyo chempioni, II o‘smirlar Olimpiadasi g‘olibi, kattalar o‘rtasida Osiyo chempioni va jahon chempionati sovrindori Bektemir Meliqo‘ziyev meksikalik Misael Uziyel Rodrigezga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va oltin medal uchun kurashni davom ettiradigan bo‘ldi. U hal qiluvchi bahsda kubalik Arlen Lopez bilan bellashadi.
Vazni 56 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar bellashuvida ishtirok etgan sportchimiz Murodjon Ahmadaliyev Olimpiya o‘yinlarining bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, yengil atletika bo‘yicha balandlikka sakrash bahslarida tajribali sportchimiz Svetlana Radzivil finalda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Ayni paytda O‘zbekistonlik sportchilar 2 oltin, 1 kumush va 5 bronza medal bilan umumjamoa hisobida 29-o‘rinda bormoqda.
XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarining 19-avgust kuni bo‘lib o‘tadigan musobaqalarida Gerasim Kochnev va Serik Mirbekov kanoeda eshkak eshish bo‘yicha juftlik bahslarida, Abbos Rahmonov va Bekzod Abdurahmonov erkin kurash bellashuvlarida, Anastasiya Serdyukova badiiy gimnastika bo‘yicha, Nigora Tursunqulova va Nikita Rafalovich taekvondo (WTF) bahslarida, Shahobiddin Zoirov va Fazliddin G‘oibnazarov boks bo‘yicha yarim final bellashuvlarida o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazadi.