Bayramga 60 ta mahallada 49 ta yangi inshoot sovg‘a qilinmoqda
Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanidagi Sopollitepa mahallasida Islom taraqqiyot banki ishtirokida BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida amalga oshirilayotgan qishloq joylarni kompleks rivojlantirish loyihasi mablag‘i hisobidan barpo etilgan 90 o‘rinli 33-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda istiqlol sharofati bilan mamlakatimizda qishloqlar infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor hududlar qiyofasini tubdan o‘zgartirib, shaharnikidan qolishmaydigan sharoitlar yaratishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Barcha qulayliklarga ega zamonaviy ta’lim, tibbiyot muassasalari bunyod etilib, keng, ravon yo‘llar qurilayotgani, aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanayotgani qayd etildi.

Mahallada qad rostlagan ikki qavatli maktabgacha ta’lim tashkilotida bolajonlarning har taraflama sog‘lom kamolga yetishi uchun zarur qulaylik barpo etilib, zamonaviy usulda jihozlandi. Tadbir ishtirokchilari yangi muassasada kelajagimiz egalarining sifatli ta’lim-tarbiya olishi, bolalikning eng shirin damlarini sermazmun o‘tkazib, har taraflama barkamol ulg‘ayishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Mustaqilligimizning 35 yillik bayramiga Surxondaryo viloyatida Islom taraqqiyot banki ishtirokida BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida amalga oshirilayotgan Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish loyihasi doirasida Angor, Boysun, Muzrabot, Termiz va Sherobod tumanlaridan tanlab olingan 60 ta mahallada 49 ta ijtimoiy soha inshooti tuhfa qilinadi.

Ulug‘ ayyom arafasida foydalanishga topshiriladigan yangi inshootlarning 31 tasi maktab, 16 tasi maktabgacha ta’lim va ikkitasi tibbiyot muassasasi bo‘lib, ularda barcha zamonaviy sharoit yaratilgan. Shuningdek, mazkur mahallalarda 965 kilometr suv, 759 kilometr elektr tarmog‘i, 26 ta suv inshooti, 677,2 kilometr ichki yo‘l va 185 ta yangilangan transformator shoxobchasi ishga tushiriladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri
0