Basimaxon barcha raqiblarini ortda qoldirdi
Vladivostok shahrida bo‘lib o‘tgan V Xalqaro Vladivostok regatasida Guliston davlat pedagogika instituti talabasi Basimaxon Sattorova munosib natija qayd etdi.
Rossiya, Xitoy, O‘zbekiston, Qozog‘iston va boshqa davlatlardan sportchilar ishtirok etgan nufuzli musobaqaning greblya-indor yo‘nalishida ayollar o‘rtasida 2000 metr masofaga eshkak eshish bahsida ishtirok etgan Basimaxon Sattorova barcha raqiblarini ortda qoldirdi.
GDPI Jismoniy madaniyat yo‘nalishi talabasi, GDPI Sport klubi a’zosi hamda Shirin shahar sport maktabi tarbiyalanuvchisi 2000 metr masofani 7 daqiqa 23,9 soniyada bosib o‘tib, musobaqaning oltin medaliga sazovor bo‘ldi.
Kuchli raqobat ostida kechgan bahsda Xitoy vakili Szi Yuysyuan ikkinchi, Rossiya sportchisi Veronika Malisheva uchinchi o‘rinni egalladi.
Bir so‘z bilan aytganda, gulistonlik yosh sportchining Vladivostokdagi zafari iqtidorli talaba-yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning mahoratini xalqaro maydonda namoyon etishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar o‘z samarasini yana bir bor namoyon etdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri