Shaxmat olimpiadasi: Ertangi asosiy raqiblarimiz Xitoy, Fransiya va Sloveniya jamoalari
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Muhiddin Madaminovdan iborat O‘zbekiston-1 jamoasi o‘tkazilgan 6 ta turda yuz foizlik natija qayd etgan holda g‘oliblikka asosiy da’vogar jamoa ekanligini amalda isbotladi.
Kecha shaxmat olimpiadasining 6-turida hamyurtlarimiz Hindiston jamoasini 2,5: 1,5 hisobida mag‘lub etishi, bunda Nodirbek Yoqubboyev Nihal Sarinni taslim etishi o‘yin taqdirini hal etdi.
O‘tgan 6 ta tur o‘yinlarini tahlil etadigan bo‘lsak, O‘zbekiston-1 jamoasining biron a’zosi uchrashuvlarda mag‘lubiyatga uchramadi.
Nodirbek Abdusattorov 6 ta turning barchasida qatnashgan yagona shaxmatchi bo‘lib, u 3 ta g‘alaba, 3 ta durang, Javohir Sindorov 5 ta o‘yinda dona surib, 2 ta g‘alaba, 3 ta durang, Nodirbek Yoqubboyev 5 ta uchrashuvda 2 ta durang, 3 ta g‘alaba, Shamsiddin Vohidov 2 ta g‘alaba, 3 ta durang, Muhiddin Madaminov 3 ta o‘yinda 2 ta g‘alaba, 1 ta durang qayd etgan.

Natijadorlik borasida aytish kerakki, Nodirbek Yoqubboyev jamoaning eng sermahsul o‘yinchisi ekanligini amalda ko‘rsatdi. 4-turda O‘zbekiston-1 jamoasining barcha a’zolari Turkiya jamoasi shaxmatchilari bilan murosa yo‘lini tanlaganda Yoqubboyev turkiyalik Kan Yemreni mag‘lub etib, jamoamizning 2,5:1,5 ko‘rinishida g‘alaba qozonishiga beqiyos hissa qo‘shdi.
Xuddi shuningdek, Hindiston bilan o‘yinda ham jamoa muvaffaqiyatini ta’minlagan aynan Yoqubboyev bo‘ldi.
Ertaga boshlanadigan 7-tur o‘yinlari ostonasida O‘zbekiston jamoasi 12 ochko bilan yakka peshqadamga aylandi. Xitoy Germaniya jamoasini 3:1 hisobida yengib, 11 ochko bilan 2-o‘rinni egallab turibdi.
Armaniston esa Eron jamoasini 2,5-1,5 hisobida dog‘da qoldirib, ochkolari sonini 11 taga yetkazgan holda qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 3-o‘ringa ko‘tarildi. 6-turda Fransiya va Angliya (2:2) tenglikka erishgan vaziyatda texnik sabab tufayli musobaqada qatnashmagan Isroil jamoasiga 0:4 hisobida mag‘lubiyat qayd etilib, Niderlandiya jamoasiga muhim ochko taqdim qilindi. Ushbu turda AQSH Norvegiya jamoasidan 2,5:1,5 hisobida ustunlikka erishdi.

O‘tkazilgan 6-tur o‘yinlari natijasida Ozarbayjon, Bolgariya, Turkiya, AQSH, Ispaniya va O‘zbekiston-2 kabi 11 ta jamoa 10 ochko bilan sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik huquqini saqlab turibdi.
Shaxmat olimpiadasining ayollar musobaqasida Xitoy va Qozog‘iston jamoalari 12 ochko bilan yetakchilik qilmoqda. Ularni 10 ochkoga ega 11 ta jamoa ta’qib etmoqda.

6-turda Xitoy Polshani 3,5-0,5, Qozog‘iston Ozarbayjonni 2,5:1,5 hisobida taslim etgan bo‘lsa, O‘zbekiston-1 ayollar jamoasi tajribali va mahoratli shaxmatchilarni jamlagan Gruziya jamoasiga imkoniyatni boy berib qo‘ydi(3,5:05).

Birinchi jamoa ochko yo‘qotgan bo‘lsa, O‘zbekiston-2 ayollar jamoasi Shimoliy Makedoniya shaxmatchi qizlarini 3,5:05, O‘zbekiston-3 jamoasi Shveysariyani 2,5:1,5 hisobida tor-mor etdi.
6 ta turdan so‘ng O‘zbekiston-1 ayollar jamoasi 9 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 18-qatorni band etgan. Shuni esdan chiqarmasligimiz kerakki, oldinda hali yana 5 ta tur o‘yinlari bor. Bu, shaxmatchi qizlarimiz jamoasi Olimpiadaning kuchli uchligi uchun kurashni to‘laqonli davom ettirish imkoniyatiga egaligini ko‘rsatmoqda.
Bugun, 22-sentabr shaxmat olimpiadasi ishtirokchilari uchun dam olish kuni sifatida belgilangan.
Ertaga, 23-sentabr kuni 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 7-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
7-turda Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Muhiddin Madaminovdan iborat O‘zbekiston-1 jamoasi Xitoy jamoasi bilan kuch sinashadi.
Shuningdek, ushbu turda O‘zbekiston-2 — Fransiya, O‘zbekiston-3 — Janubiy Afrika, Armaniston — AQSH, Angliya-Hindiston, Germaniya-Turkiya o‘yinlari olimpiadaning markaziy musobaqalari sanaladi.
7-turning xotin-qizlar musobaqasida O‘zbekiston-1 jamoasi Sloveniya bilan, O‘zbekiston-2 Tojikiston va O‘zbekiston-3 jamoasi perulik shaxmatchi qizlar bilan to‘qnash keladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA