Barqaror ta’minot va amaliy chora
Kuz-qish mavsumi yaqinlashar ekan, aholi uchun eng muhim masalalardan biri — xonadonlarni elektr energiyasi va suyultirilgan gaz bilan barqaror ta’minlash. Sirdaryo viloyatida bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Mavsumga tayyorgarlik qay darajada? Aholi murojaatlari qanday hal etilmoqda?
Bu masalalar Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi «Deputatlik jamoatchilik eshituvi»da atroflicha muhokama qilindi.
«Xalq bilan birga» umummilliy dasturi doirasida o‘tkazilgan eshituvda gaz va elektr ta’minoti tashkilotlarining mavsumga tayyorgarligi, tarmoqlarning texnik holati, zarur zaxiralarni shakllantirish hamda aholi murojaatlarini ko‘rib chiqish samaradorligiga alohida e’tibor qaratildi.

Bugungi kunda «Hududgaz Sirdaryo» gaz ta’minoti filiali orqali viloyatning 9 ta tuman va shahridagi 119 ta mahallada 72,5 mingdan ortiq iste’molchi suyultirilgan gaz bilan ta’minlanmoqda. Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida aholiga 8 448,6 tonna gaz yetkazib berilgan. Kuz-qish mavsumida esa yana 7 220,2 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish rejalashtirilgan.
Qishga tayyorgarlik faqat zaxira to‘plash bilan cheklanmagan. Gaz tarmoqlari va gaz taqsimlash punktlarida ta’mirlash ishlari bajarilib, zarur texnika vositalari, gaz ballonlari hamda avariyaviy materiallar zaxirasi shakllantirilgan.
Elektr ta’minotidagi holat ham deputatlar tomonidan tahlil qilindi. Ayni paytda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Sirdaryo hududiy filiali tasarrufida 7 869,8 kilometr elektr tarmog‘i va 3 356 ta transformator punkti mavjud bo‘lib, ular orqali 214 mingdan ortiq iste’molchi elektr energiyasi bilan ta’minlanmoqda.
2026-yilda 6 338 ta temir-beton ustun o‘rnatilib, 230,3 kilometr elektr tarmog‘i tortildi. Mavsumga tayyorgarlik doirasida 996,2 kilometr tarmoq va 367 ta transformator punkti mukammal ta’mirdan chiqarildi. Shuningdek, 1 775 kilometr tarmoq hamda 782 ta transformator punktida joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Raqamlar esa yana bir muhim jihatni ko‘rsatmoqda. Joriy yilning 9 oyida elektr ta’minoti bo‘yicha 1 118 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 97,8 foizi ijobiy hal etilgan. Ko‘rilgan choralar natijasida murojaatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22 foizga kamaygan.
— Deputatlar uchun bu raqamlar shunchaki statistika emas. Har bir murojaat ortida xonadon, oila va kundalik ehtiyojlar turibdi. Shu bois eshituvda mas’ul tashkilotlarga aholi murojaatlarini chuqur o‘rganish, muammolarni kechiktirmasdan bartaraf etish va mavsum davomida xizmatlar uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi, — deydi partiyaning Sirdaryo viloyati Kengashi apparat rahbari Shohista Bozorboyeva.

Ayniqsa, elektr va gaz tarmoqlarida avariyaviy holatlarning oldini olish, zarur texnika va materiallar zaxirasini yetarli darajada shakllantirish, ta’minotdagi uzilishlarga tezkor munosabat bildirish masalalari deputatlik nazoratining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi. Zero, qishning qanday o‘tishi ko‘p jihatdan bugun ko‘rilayotgan choralarga bog‘liq. Tarmoqlarni ta’mirlash, zarur zaxiralarni shakllantirish va ehtimoliy muammolarni oldindan aniqlash — barqaror ta’minotning muhim shartlari.
Sirdaryodagi deputatlik eshituvi esa ana shu vazifalar ijrosini nazorat qilish bilan birga, aholi uchun dolzarb bo‘lgan masalalarga amaliy yechim topish, mavsumni barqaror o‘tkazish va xizmatlar sifatini yanada oshirishga qaratilgan muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri