Qashqadaryo yoshlari ta’lim va intellektual musobaqalarda yuqori natijalarga erishmoqda
Qarshi shahridagi Prezident maktabi “Cambridge” imtihonlarida 98 foiz natija bilan respublikada birinchi bo‘ldi. Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi o‘quvchilari “Zakovat” turnirida g‘olib chiqdi.
Kosonlik 11-sinf o‘quvchisi Murodjon Halimov SAT imtihonida maksimal 1600 ballni qo‘lga kiritdi. Davlatimiz rahbari bunday iqtidorli yoshlar ko‘pligini, ularga aniq fanlarni xorijiy tillarda o‘rgatish imkoniyati yaratilsa, yuqori natijalar har bir tumanda bo‘lishini ta’kidladi. Kelasi yildan barcha tumanlarda bittadan maktabda aniq fanlarni chet tilida o‘qitish boshlanadi.
Shu bilan birga, o‘zbekistonlik yoshlar robototexnika bo‘yicha jahon chempioni bo‘ldi. Yil yakunigacha har bir tumanda robototexnika to‘garagi ochilib, jihozlanadi. Har yili mart oyida o‘quvchilar o‘rtasida viloyat chempionati o‘tkaziladi. Birinchi o‘rin egasiga 30 million, ikkinchi o‘ringa 20 million, uchinchi o‘ringa 10 million so‘m mukofot beriladi.
O‘zA