Barqaror rivojlanish uchun mintaqaviy integratsiya
Bugun tarixiy voqelik ostonasida turibmiz. 16 yil o‘tib, O‘zbekiston yana yirik xalqaro tuzilma tadbiriga mezbonlik qilmoqda.
3-6-may kunlari Samarqand shahrida Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Boshqaruvchilar kengashi 59-yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Mazkur anjumanga yuqori darajada tayorgarlik ko‘rilmoqda. Qayd etish kerak, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi forum hamkori hisoblanadi.
Moliyaviy institutlar rahbarlari, iqtisodiyot vazirlari, biznes vakillari hamda xalqaro ekspertlarni birlashtirib, “Taraqqiyot chorrahalari: mintaqaning o‘zaro bog‘liq kelajagini ilgari surish” shiori ostida o‘tkazilayotgan bu galgi tadbirda OTBga a’zo qariyb 100 dan ziyod mamlakatdan 4 000 ga yaqin vakil ishtiroki kutilyapti.

Dasturi barqaror rivojlanish va mintaqaviy integratsiyaning asosiy yo‘nalishlarini qamrab olgan yig‘ilishda asosiy e’tibor raqamli infratuzilmani rivojlantirish, energetik o‘tish uchun moliya jalb etish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qaratiladi. Shuningdek, iqtisodiy barqarorlik va global ta’minot zanjirini mustahkamlashga bag‘ishlangan biznes-sessiya va seminarlar ham o‘tkaziladi.
Forum doirasida “yashil” transformatsiya, raqamlashtirish va investitsiya mavzulariga bag‘ishlangan 90 tagacha tadbir tashkil etiladi. ASEAN+3 mamlakatlari va boshqa bir necha submintaqaviy tuzilma moliya vazirlari alohida uchrashadi. “OTB xususiy sektor kuni”da biznes hamjamiyati bilan hamkorlikni kengaytirish maqsad qilingan.
Asosiy tadbirlar uchun “Silk Road Samarkand” xalqaro sayyohlik majmuasidagi Kongress markazi va “Expo Center” maydoni hozirlangan. Umuman, shunday yirik tadbir Samarqandda o‘tkazilishi yurtimizning xalqaro muloqot maydoni sifatidagi ahamiyati oshib borayotganidan dalolat. Mamlakatimizda OTB yillik yig‘ilishi ikkinchi bor o‘tkazilmoqda: 2010-yil shunday anjuman Toshkent shahrida tashkil etilgan.

Ta’kidlash joiz, mazkur yig‘ilish Osiyo-Tinch okeani mintaqasini rivojlantirish istiqboli bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokamasi uchun qulay maydon vazifasini o‘tashi kutilyapti.
Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonning eng yirik hamkorlaridan biri hisoblanadi. Keyingi besh yil ushbu nufuzli moliyaviy tuzilma mamlakatimizga samarali loyihalarni moliyalashtirish uchun 5,4 milliard dollar ajratgan. Hukumat va boshqa hamkorlar bilan birga bank “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, xususiy sektorni rivojlantirish va inson kapitaliga yo‘naltirilayotgan sarmoyani rag‘batlantirishga ko‘maklashmoqda.
1966-yil tuzilgan OTB Osiyo-Tinch okeani mintaqasida barqaror, inklyuziv va muvozanatli o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi yetakchi ko‘p tomonlama taraqqiyot banki sanaladi. 69 mintaqa va davlatni birlashtirgan jamoa aholi farovonligini oshirish, infratuzilmani rivojlantirish va atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida innovatsion moliyaviy vositalardan foydalanib, strategik sherikliklar bilan faol hamkorlik qiladi.
O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi.