Banklardagi aholi omonatlari 31 foizga o‘sdi
O‘zbekiston bank tizimida so‘nggi yillarda kuzatilayotgan ijobiy o‘zgarishlar moliyaviy barqarorlikni ta’minlash va iqtisodiyotni kredit resurslari bilan qo‘llab-quvvatlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-may holatiga bank tizimi aktivlari, kredit portfeli va aholi hamda biznes sub’ektlari depozitlarining o‘sishi davom etmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, bank tizimi aktivlari hajmi 962,8 trillion so‘mga yetgan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davridagi 829,8 trillion so‘mga nisbatan 16 foizga oshgan. Bu mamlakat iqtisodiyotida moliyaviy vositachilik ko‘lami kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Banklarning majburiyatlari ham o‘sish tendensiyasini saqlab qolgan. Jumladan, mazkur ko‘rsatkich bir yil ichida 708,1 trillion so‘mdan 818,8 trillion so‘mga yetgan. Natijada aktivlarning majburiyatlarga nisbati 117 foizdan 118 foizga ko‘tarilgan. Bu esa bank tizimining umumiy moliyaviy barqarorligi saqlanib qolayotganidan dalolat beradi.
Ekspertlar e’tibor qaratayotgan muhim jihatlardan biri — depozitlar hajmining yuqori sur’atlarda o‘sishi. Agar 2025-yil 1-may holatiga depozitlar hajmi 339,2 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yilning shu davriga kelib bu raqam 444,4 trillion so‘mga yetdi. Ya’ni, depozitlar bir yilda qariyb 31 foizga oshgan.
Shu bilan birga, bank tizimi majburiyatlari tarkibida depozitlarning ulushi ham ortib, 54 foizga yetgan. O‘tgan yilga nisbatan bu ko‘rsatkich 6 foiz bandga yuqori. Bu aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining banklarga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanayotganini anglatadi.
Kredit portfeli hajmi ham o‘sishda davom etmoqda. Bir yil mobaynida kreditlar hajmi 565,6 trillion so‘mdan 629 trillion so‘mgacha ko‘payib, 11 foizlik o‘sish qayd etilgan. Biroq, depozitlar kreditlarga nisbatan ancha tez sur’atlarda o‘sgani natijasida kredit qo‘yilmalarining depozitlarga nisbati 167 foizdan 142 foizgacha pasaygan.

Iqtisodchilar fikricha, mazkur tendensiya ijobiy holat hisoblanadi. Chunki banklar kreditlashni tashqi qarz yoki qimmat resurslar hisobiga emas, balki asosan ichki mablag‘lar va depozitlar hisobidan moliyalashtirish imkoniyatini kengaytirmoqda. Bu esa likvidlik xavflarini kamaytirish va bank tizimining uzoq muddatli barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Tahlillar davlat ulushi mavjud banklarda ham, xususiy banklarda ham resurslar muvozanati yaxshilanayotganini ko‘rsatmoqda. Davlat ishtirokidagi banklarda kreditlarning depozitlarga nisbati 225 foizdan 181 foizgacha pasaygan bo‘lsa, boshqa banklarda mazkur ko‘rsatkich 106 foizdan 99 foizgacha tushgan.
Umuman olganda, bank tizimida aktivlar va kreditlar hajmining o‘sishi bilan bir qatorda depozitlarning yanada yuqori sur’atlarda ko‘payishi moliyaviy manbalarning mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi. Bu esa nafaqat bank sektorining barqarorligi, balki mamlakat iqtisodiyotining uzoq muddatli o‘sishi uchun ham muhim zamin yaratmoqda.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, depozitlar bazasining kengayishi banklarning kreditlash imkoniyatlarini mustahkamlab, moliya sektorining tashqi omillarga qaramligini kamaytirmoqda. Bu esa O‘zbekiston bank tizimining barqaror va muvozanatli rivojlanayotganini tasdiqlovchi muhim ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.

Iqtisodchilarning fikricha, depozitlar hajmining ortishi banklarning ichki moliyaviy resurslarini kengaytiradi. Natijada kreditlash imkoniyatlari oshadi, iqtisodiyotning turli tarmoqlariga investitsiyalar jalb etiladi va mamlakat moliya tizimining barqarorligi mustahkamlanadi. Shu bois depozitlar nafaqat omonat egasi uchun qo‘shimcha daromad manbai, balki butun iqtisodiyot rivojiga xizmat qiluvchi muhim moliyaviy instrument sifatida baholanmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA