Baland parvoz, Sizga bitiruvchilar
Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filialining 2025-2026 o‘quv yili bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Baland parvoz, Sizga bitiruvchilar!” shiori asosida tashkil etilgan tadbirda professor-o‘qituvchilar, pedagog xodimlar, bitiruvchilar, ularning ota-onalari, shuningdek, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi M. Atamuratov, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektorining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Sh. Ergashev, filial direktori Q. Yusupovlar so‘zga chiqishib, barcha bitiruvchi yoshlarni samimiy qutlab, kelgusi ishlariga yuksak parvozlar tilashdi. So‘ng bitiruvchilarga tantanali ravishda diplomlar topshirildi. Joriy o‘quv yilida mazkur oliy o‘quv yurtini kunduzgi, sirtqi va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha jami 362 nafar yosh muvaffaqiyatli tamomlamoqda.
[gallery-30261]
Mazkur oliy o‘quv yurtini a’lo natijalar bilan yakunlagan bitiruvchilardan biri Aziza Bozorboyeva 2022-yilda O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filiali "Estrada va ommaviy tomoshalar rejissyorligi" ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilindi. Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xizmat ko‘rsatgan artist, dotsent Gulsara Jumaniyozovadan aktyorlik mahorati va texnikasi sirlarini o‘rgandi. Ko‘plab xorijiy davlat va respublika tanlovlarda faol qatnashib yuqori o‘rinlarni olishga muyassar bo‘ldi. Shuning bilan bir qatorda, 2024-yilda Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatriga aktrisa sifatida ishga qabul qilindi. 2023-yil 24-noyabrda sahnadagi debyuti – qozoq dramaturgi Muxtor Avezov qalamiga tegishli, yosh rejissyor Sultanbek Qallibekov tomonidan sahnalashtirilgan “Qarako‘z” spektaklida bosh qahramon – Qaroko‘z rolini ijro qildi.
2024-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xizmat ko‘rsatgan artist, rejissyor Roza Piyazova tomonidan sahnalashtirilgan “Sirli quduq” spektaklida Dilbar, “Sehrli sandiq” shou-spektaklida Ilon, rejissyor Sultanbek Qallibekov tomonidan sahnalashtirilgan “Dildar” spektaklida Dildor, “Qiymayman” spektaklida Katya, “Muhabbat bekati 1-2” spektakllarida Qiz kabi turli obrazlarni ijro qildi.
— Farzandining oliy ma’lumotli bo‘lib, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi ota-onaning ezgu orzularidan biridir. Mana bitiruvchi yoshlarimiz yillar davomida olgan bilimlari natijasida davlat attestatsiya sinovlari va bitiruv malakaviy diplomlarini muvaffaqiyatli himoya qilib, malakaviy diplomlarini olishga muyassar bo‘lmoqda. Bu birinchi navbatda ota-onani, qolaversa, ta’lim bergan ustozlarni xursand qiladi,—deydi Aziza Bozorboyevaning onasi Zulayho Qo‘chqorova.
Tadbir talaba-yoshlar tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan davom etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari