Bahrayn – O‘zbekiston turizm chorrahasi
Bahraynning yetakchi axborot agentligi – BNA, shuningdek “Al-watannews” va boshqa qator nashrlari turizm vaziri Fotima bint Ja’far As-Sayrofiyning ushbu mamlakatga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi tafsilotini yoritdi.
Muloqot chog‘ida turli sohalar, xususan turizm bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish yo‘llari muhokama qilingan. Sayyohlik loyihalari va xizmati barqarorligini oshirish, ikki do‘st mamlakatda turizm aktivi va infratuzilmasiga sarmoya kiritish muhimligi ta’kidlangan. Bu madaniyat va sivilizatsiyaga doir o‘ziga xoslikni ta’kidlash, sayyohlik tajribasini boyitishga xizmat qiladi.

Mamlakatimiz vakillari ham qo‘shma tashabbus va loyihalar orqali sheriklikni mustahkamlash istagini tasdiqlagan.
Safari davomida delegatsiyamiz YUNESKO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan “Marvarid yo‘li” ob’ekti bo‘ylab sayohat ham qildi.
Poytaxt Manama yaqinida joylashgan XIX asr marvarid sanoati bilan bog‘liq binolar majmuasi “Bahrayn qal’asi”dan keyingi ikkinchi shunday manzil sanaladi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA