Azizbek Ortiqov: "Paxtadan tayyor mahsulotgacha to‘liq ishlab chiqarish zanjirini yo‘lga qo‘yganmiz"
Avval xabar qilinganidek, Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida “To‘qimachilik va tikuvchilik sanoati - TextileExpo Uzbekistan 2026” 26-xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda mahalliy va xorijiy korxonalar o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. Ulardan biri “Qum Tex Invest” kompaniyasidir.
Ushbu korxona vakili Azizbek Ortiqov kompaniya faoliyati hamda bugungi ko‘rgazma haqida o‘z fikrlarini bildirdi:
– Bizning kompaniya Surxondaryo viloyatida joylashgan bo‘lib, viloyatning 5 ta hududida faoliyat olib boradi. Biz paxta yetishtirib, undan tola ishlab chiqaramiz. So‘ng uni o‘z fabrikamizda ip holatiga keltiramiz. Keyin esa matolar to‘qiladi va ularga rang beriladi. Yakunda esa mahsulotlardan tikuv sexlarimizda tayyor kiyimlar ishlab chiqariladi.
Biz ushbu “TextileExpo Uzbekistan 2026” ko‘rgazmasida ilk bor qatnashayapmiz. Bu esa korxonamiz faoliyati uchun juda katta imkoniyat yaratadi. Bu yerda ko‘p yillardan buyon faoliyat yuritib kelayotgan kompaniyalar bilan tajriba almashamiz, yangi hamkorlar topamiz va mahsulotlarimizga bo‘lgan qiziqish yanada ortadi.
E’tiborli jihati, mazkur ko‘rgazma nafaqat mahalliy ishlab chiqaruvchilar, balki xalqaro kompaniyalar uchun ham o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, yangi bozorlarni o‘rganish hamda zamonaviy texnologiyalar almashinuvi uchun muhim maydon vazifasini o‘taydi.
Muhammadqodir Yasinov,
O‘zA