Aziz qadamjo, mardlar shohi – Shohimardon
Shohimardonning o‘ziga xos ohanrabosi, tarovati bor. Borishni niyat qilgan daqiqadan boshlab, bor vujudingiz shu maskanga talpinaveradi.
Purviqor tog‘lari, so‘lim tabiati, zilol soylari, toza havosi har qanday kishini maftun etadi. Hazrat Ali ziyoratgohida esa ruhingiz taskin topib, ma’nan quvvat olasiz. Ha, bu shunday shukuhli bir maskan.

Farg‘ona viloyatining So‘x tumani, Farg‘ona tumanidagi Shohimardon, Yordon va Rishton tumanidagi Cho‘ng‘ara qishlog‘i anklav hududda joylashgan. Shunday bo‘lsa-da, bu joylarga hukumatimiz tomonidan doimo katta e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, Shohimardon sayyohlik maskaniga aylanib, yanada chiroy ochmoqda. Pandemiya sharoitida bu yil mazkur hududga yurtdoshlarimiz juda kam borishdi. Biroq yangi dam olish maskanlarini bunyod etish, xizmat ko‘rsatish va savdo shoxobchalarini tashkil etish ishlari davom etmoqda. Biz bu yerda bo‘lib, shohimardonliklar hayoti bilan yaqindan tanishdik.

Ularni mehmondo‘stligiga qoyil qolasiz. Uyiga kelgan kishiga borini to‘kib soladi. Bug‘doy unidan pishirilib, tandirdan qaynoq uzilgan nonning ta’mi yanada yoqimli. Dasturxon qatlama, do‘lta, qaymoq, asal kabi ne’matlar bilan bezatilgan.
– Mahallamizda qariyb to‘rt mingga yaqin aholi istiqomat qiladi, –deydi “Shohimardon” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ikromjon Abduxoliqov. – Hukumatimiz va viloyat hokimligi tomonidan doimo ko‘mak ko‘rsatib kelinmoqda. Xalqimizning asosiy tirikchiligi tomorqasidan. Kartoshka ekadi, olma, nok yetishtiradi. Shuningdek, chorvachilik rivojlangan. O‘tgan davrda 26 nafar fuqaroga chorva uchun kreditlar berildi. Bu yilgi pandemiya qishlog‘imizga ham ta’sirini o‘tkazmay qolmadi, dam oluvchilar deyarli kelmadi. Albatta, bu kunlar o‘tib, qaynoq hayot qaytadi, bu joylar yurtdoshlarimiz bilan gavjum bo‘ladi.

Shohimardonda bugungi kunda shifoxona va qishloq oilaviy poliklinikasi aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Bu muassasalar zarur jihozlar bilan ta’minlangan, barcha sharoitlar yaratilgan. Viloyat pulmonologiya shifoxonasida har yili to‘rt mingdan ortiq kishi sog‘ligini tiklaydi. Ayni kunlarda bu yerda qo‘shimcha bino qad rostlamoqda. Ishning ko‘zini biladigan tadbirkorlar safi ham kengayib bormoqda. Behzodjon Rahmonov oilaviy korxona tashkil etgan. U yaqinda zamonaviy savdo majmuasini bunyod etdi. Rastalardan qishloq brendiga aylangan qurut, quritilgan o‘rik kabi mahsulotlar o‘rin olgan.
Qishloqqa kelgan kishi “Hazrat Ali” maqbarasida bo‘lib, ziyorat qiladi. Shu bois bu maskan doimo odamlar bilan gavjum. Mazkur qadamjo haqida xalq orasida turli rivoyat va afsonalar bor. Shohimardon atamasining kelib chiqishi ham mardlar shohi, to‘rtinchi xalifa hazrati Ali bilan bog‘liq.
Afsuski, ziyoratgoh yonida joylashgan muzey ancha ta’mirtalab holga tushib qolgan. Bir paytlar Hamza Hakimzoda Niyoziy me’morial muzeyi bo‘lgan bu joy hozirda tabiat muzeyi sifati faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Tomidan yomg‘ir o‘tib, eksponatlarga shikast yetyapti. Vaholanki, bu bino YUNESKO tomonidan shoir tavalludining 100 yilligi munosabati bilan muhtasham qilib qurilgan yurtimizning moziysidan so‘zlovchi dargohdir. Ayni paytda mutasaddilar yordami, e’tiboriga muhtoj.

Bir necha yil avval shohimardonlik uch yashar noyob iste’dod egasi Afifaxon Ma’mirjonova haqida yozgandim. Bu jajji qizaloq xaritadan 183 ta davlatni ko‘rsatib lol qoldirgan edi. Uning taqdiri bilan yana qiziqdim, yana diydorlashdik. Joriy yilda 1-sinfga borgan Afifa keyingi paytda ko‘p narsani yodidan chiqaribdi. Bobosi Ma’mirjon akaning aytishicha, nevarasiga og‘irlik qilmasligi uchun bu mashg‘ulotni vaqtincha to‘xtatib qo‘yishibdi. Qizaloqning zehni o‘tkirligini bir suhbatdayoq bilib olasiz. Maktabda ham o‘zlashtirishi yaxshi ekan.

Ilgari bu yerda yashovchi xalq mobil aloqa xizmatining sifati pastligidan nolishardi. Zamonaviy qabul hamda uzatish antennalari o‘rnatilgach, shohimardonlik va yordonliklar ham yurtimizning boshqa joylarida yashovchi yaqinlari bilan bemalol so‘zlasha boshladi. Yaqingacha “O‘zbekiston”dan tashqari telekanallar, ayniqsa, raqamli televideniye ko‘rsatuvlarini tomosha qilib bo‘lmaydi. Mutaxassislar tomonidan toqqa o‘rnatilgan to‘lqinni sun’iy yo‘ldoshdan qabul qiluvchi maxsus uskunalar raqamli televideniye ko‘rsatuvlarini sifatli tomosha qilish imkonini yaratdi.

Mahalliy aholi Shalang, Xujan va Qizil tog‘ deb ataydigan tog‘larga boqib, havosidan to‘yib nafas olish juda maroqli. Ayniqsa, dilkash odamlari bilan suhbatlashishning gashti bo‘lakcha. Purviqor tog‘lar, musaffo va keng joylarda yashovchilarning fe’li ham keng bo‘ladi. Siroj ota Kengashev 89 yoshda bo‘lishiga qaramay, tetik va bardam. U kishining gurungiga qishloqdoshlari ham oshiq. Shu bois Yordon qishlog‘idagi mo‘’jazgina otalar choyxonasi ularni kunlik maskani bo‘lib qolgan. Otaxonni biz ham shu yerda uchratdik.
– Odamlarimiz mehnatkash, – deydi Siroj ota. – Yaylovda mol, qo‘y boqadi, tomorqasida ish bilan band. O‘zim qirq yildan ortiq sut zavodida ishladim. Mana, hozir nafaqadaman. Mana shu tog‘larda oyog‘im tegmagan joy qolmagan. Piyoda yurishning foydasi katta ekan. Mana, to‘qsonga qarab ketayotgan bo‘lsam-da, yoshlardan kam joyim yo‘q. Shunday kunlarga yetkazganiga shukr.
To‘rt tarafi tog‘lardan iborat maftunkor bu qishloqning Oqsuv va Ko‘ksuv soylari dilingizga huzur bag‘ishlaydi. Ruhingiz orom olib, butun borliq o‘ziga sizni maftun qilib qo‘yadi. Yaxshisi, Shohimardonga bir keling!
Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA