Ayrim terma jamoalar AQSHga kirish uchun 15 ming dollargacha garov qo‘yishi kerak
FIFA 2026-yilgi jahon chempionatida ishtirok etuvchi beshta davlat fuqarolari uchun viza qoidalaridan xavotir bildirmoqda. Ushbu mamlakat vakillari AQSH vizasini olish uchun garov puli to‘lashlariga to‘g‘ri keladi. Bu haqda The Athletic nashri xabar bermoqda.
Manbaning ma’lumotiga ko‘ra, qiyinchiliklar "Visa Bond" sinov dasturi tufayli yuzaga kelgan. Unga ko‘ra, AQSHga ishbilarmonlik yoki sayyohlik vizasi bilan kiruvchi 50 ta davlat fuqarolari 10 ming dollardan 15 ming dollargacha miqdorda garov puli kiritishlari shart. Ushbu mablag‘ viza muddati tugaguncha mamlakatdan chiqib ketilgan taqdirda qaytarib beriladi. Mazkur dastur amal qiladigan davlatlar ro‘yxatiga JCh-2026 yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan Jazoir, Kabo-Verde, Senegal va Kot-d’Ivuar kiradi. 2-apreldan boshlab ushbu qoidalar Tunis fuqarolari uchun ham kuchga kiradi.
Ta’kidlanishicha, dastur matnida fuqarolarning ayrim toifalari, jumladan, xalqaro sport turnirlari ishtirokchilari uchun hech qanday istisnolar ko‘zda tutilmagan. Ushbu qoidalar daxldor bo‘lgan mamlakatlar futbol federatsiyalari vaziyatdan xavotir bildirishgan va bu masala o‘tgan oyda JCh-2026 ga tayyorgarlik bo‘yicha o‘tkazilgan seminarlarda muhokama qilingan.
FIFA Tramp ma’muriyatini jahon chempionatida ishtirok etuvchi jamoalar o‘yinchilari, murabbiylar shtabi va xodimlari, shuningdek, federatsiya rahbarlari hamda homiylarning asosiy xodimlari uchun istisno qilishga ko‘ndirishga harakat qilmoqda.
Xalqaro futbol federatsiyasi delegatsiyalarga berilgan rasmiy taklifnomalar garov pulidan ozod qilish uchun asos bo‘lishini istamoqda. Kutilishicha, agar AQSH rasmiylari FIFAga yon bossa ham, istisno faqat terma jamoa a’zolariga tegishli bo‘ladi, futbolchilarning oila a’zolari va muxlislar esa garov pulini to‘lashga majbur bo‘ladilar.