Ayrim oilalar farzandlarining to‘garaklarga qatnashish xarajati 80 foizi davlat tomonidan to‘lanadi
Bolalarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni zamonaviy kasblar hamda xorijiy tillarni o‘rganishga keng jalb etish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarining qo‘shimcha ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish uchun to‘garak xarajatlarining katta qismi davlat byudjeti hisobidan qoplab berilmoqda.
Xususan, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan farzandlari kasb-hunar, axborot texnologiyalari hamda oliy ta’lim muassasalariga tayyorlov yo‘nalishlarida qo‘shimcha ta’lim to‘garaklariga jalb etiladi.
Bunda o‘qitish xarajatlarining 80 foizi davlat byudjeti hisobidan qoplanadi, qolgan 20 foizini esa ota-ona yoki qonuniy vakil to‘laydi.
O‘quvchilarni qo‘shimcha ta’limga jalb qilish, ularning ishtiroki monitoringini yuritish hamda to‘lovlarni amalga oshirish maqsadida kelajak.uzedu.uz elektron platformasi tashkil etilgan. Ayni paytda mamlakat bo‘ylab 9 mingdan ortiq davlat maktabi, o‘quv markazlari va yakka tartibdagi tadbirkorlar mazkur platforma orqali 24 mingdan ziyod to‘garak xizmatlarini taklif qilmoqda.
2026-yilning 1-may holatiga ko‘ra, 125 ming 81 nafar o‘quvchi axborot texnologiyalari, xorijiy tillar, umumta’lim fanlari, jumladan 1–4-sinflar uchun uzaytirilgan kun guruhlari hamda kasb-hunar yo‘nalishidagi to‘garaklarga jalb qilingan.
To‘garaklarni muvaffaqiyatli tamomlagan o‘quvchilarga ta’lim tashkilotlari tomonidan sertifikat yoki ma’lumotnoma beriladi.
Ota-onalar farzandlarini ushbu dastur doirasidagi to‘garaklarga jalb qilish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza topshirishi hamda tegishli ta’lim muassasasi bilan shartnoma tuzishi lozim. Shuningdek, kelajak.uzedu.uz platformasi orqali farzandlari qiziqqan to‘garaklarni tanlash va xizmat haqining belgilangan qismini to‘lash imkoniyati ham yaratilgan.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, o‘quvchilar bir vaqtning o‘zida ko‘pi bilan ikkita to‘garakda qatnashishi mumkin. To‘garaklarda ishtirok etish muddati ta’til vaqtlari bilan birga hisoblaganda 9 oydan oshmasligi kerak. Shuningdek, mazkur imtiyoz bir o‘quvchiga umumta’lim maktabini tamomlaguniga qadar ko‘pi bilan ikki marta taqdim etiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA