Ayollar futboli: Oliy liga
“So‘g‘diyona – Woman” uchun mavsum yakunlandi
Futbol bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati oliy ligasida 22-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.
Ushbu turda Jizzaxning “So‘g‘diyona-Woman” klubi Toshkentda “Paxtakor-Woman” xotin-qizlar jamoasining mehmoni bo‘ldi. Mamlakatimizning o‘tgan mavsumdagi chempioni va kubogi sohibi “So‘g‘diyona-W” joriy mavsumdagi so‘ngi uchrashuvida toshkentlik dugonalarini 0:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Gollarga jizzaxlik qizlardan Anna Cheminava, Zarina Mamatkarimova hamda Maftuna Panjiyevalar mualliflik qildi.
Shu tariqa “So‘g‘diyona-W” uchun mavsum yakunlandi. Jizzaxliklar bosh murabbiyi Sherali Boboqulov shogirdlari 22 uchrashuvda 16 ta g‘alaba, 4 ta durang, 2 bor mag‘lubiyatga uchrab, raqibalari darvozalariga 83 ta gol kiritib, o‘z darvozasidan 11 ta gol qo‘yib yubordi va 22 uchrashuvdan 52 ochko jamg‘ardi. Jamoa hozircha turnir jadvalida 2-o‘rinni egallab, chempionatning kumush medaliga da’vogar bo‘lib turibdi.

Joriy yilning 25 noyabrida Qarshidagi 23-tur uchrashuvida “Sevinch-W” jamoasi Toshkentning “Bunyodkor-W” klubi ayollarini qabul qiladi. Agar ushbu o‘yinda qarshiliklar mag‘lubiyatga uchramasa, jizzaxliklar ikkinchi o‘rinni saqlab qoladi. Mabodo “Bunyodkor-W” zafar quchadigan bo‘lsa “So‘g‘diyona-W” qizlari bronza medali bilan kifoyalanadi.

22-turning qolgan bahslarida quyidagi natijalar qayd etildi: “Bunyodkor-W” – AGMK-W (Olmaliq) – 1:0, “Navbahor-W” (Namangan) – “Qizilqum-W” (Navoiy) – 0:6, “Neftchi-W” (Farg‘ona) – “Metallurg-W” (Bekobod) – 0:4.

25 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan 23-tur o‘yinlari bilan ayollar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati yakuniga yetadi.
A.QAYUMOV,
O‘zA